Volontyor kim? Bu faoliyat davlat tomonidan qanday qo'llab-quvvatlanadi?

    Bilasizmi? 29 Sentabr 2023 4852

    Volontyorlik — frantsuzcha volontaire so'zidan olingan bo'lib, “ko'ngilli”, “o'z xohishiga ko'ra ish qiluvchi”, degan ma'noni anglatadi.

    Soddaroq aytganda, har qanday masala bo'yicha beminnat xizmat qiladigan, atrofdagi insonlarga, jamiyatga astoydil va hech qanday moddiy manfaatlarsiz yordam beruvchilar — volontyor deb ataladi.

    Masalan, koronavirus pandemiyasi davrida, ayniqsa, volontyorlar yaqqol ko'zga tashlandi. Ular dori-darmonlar va xayriya mablag'larini etkazishda faol mehnat qildilar. eng qiyin paytlarda ular xalq xizmatiga shay turdi, volontyorlar guruhlari paydo bo'lib, «Xavfsiz yordam», «Saxovat va ko'mak» umumxalq harakati, «Sardoba sari saxovat karvoni» kabi xayriya aktsiyalarida faol ishtirok etishdi. Bu esa O'zbekistonda volontyorlik harakati o'zining muhim bosqichiga ko'tarilganini ko'rsatdi.

    Xususan, 870 nafar volontyorlar “Call-markaz”larda aholi murojaatlarini qabul qilishga;

    - 7 500 nafardan ortiq yoshlar xayriya mahsulotlarini qabul qilib olish va murojaat sonidan kelib chiqib qadoqlashga;

    - 2 200 nafardan ortiq yoshlar 500 ga yaqin biriktirilgan avtomashinalarda mahsulotlar to'plamini markazlarga murojaat qilgan xonadonlarga etkazib berishga ko'maklashdi.

    Bundan tashqari, Buxoro viloyati Olot va Qorako'l tumanlarida yuz bergan tabiiy ofat, Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori toshqidan talofat ko'rgan aholiga ko'mak ko'rsatishda ham 1 000 nafarga yaqin volontyorlar faol ishtirok etdi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan volontyorlarning ezgu harakatlari yuqori baholanib, 400 nafarga yaqin volonyorlarga “Mehr-sahovatko'krak nishoni bilan taqdirlandi.

    Volontyorlar — davlatga ko'makchi

    Jamiyatda turli kutilmagan masalalar ro'y berishi tabiiy hol. Biroq afsuski, davlat har bir holatga individual yondosha olmasligi mumkin. SHu bois volontyorlar shu kabi holatlarda davlat uchun yaqin ko'makchiga aylana oladi. Buning uchun volontyorlar uchun tegishli sharoit yaratish, ta'bir joiz bo'lsa, boshini biriktirish, ularni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu qanday amalga oshiriladi?

    Volontyorlar uchun turli loyihalar tashkil qilinmoqda. Vazirlar Mahkamasining “Volontyorlik faoliyatini yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi 2022 yil 11 apreldagi 169-son qarori bilan, Yoshlar ishlari agentligining byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan har yili Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo'yicha har bir hududdagi 5 ta eng yaxshi volontyorlik loyihalarini amalga oshirish uchun volontyorlik guruhlari va volontyorlik tashkilotlariga har bir loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda mablag' ajratilmoqda. 2023 yilning iyun` oyida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan volontyorlik loyihalarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha tanlov e'lon qilindi. Unga ekologiya, ta'lim, tibbiyot, media, turizm yo'nalishlari bo'yicha volontyorlikning quyidagi yo'nalishlari bo'yicha 218 ta loyihalar kelib tushdi. Tanlov natijasi 15 oktyabrda e'lon qilinadi.

    2020 yilda O'zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi tashkil qilingan. Hozirda jami 61 ming nafar yoshni qamrab olgan 99 ta doimiy faoliyat yuritadigan volontyorlik guruhlari faoliyat ko'rsatyapti.

    Misol uchun, Turkiyada sodir bo'lgan zilzila oqibatida Turkiya Respublikasiga gumanitar yordam yig'ish va uni jo'natishni tashkil qilish maqsadida, YAngixayot tumanidagi “Toshkent INDEX” savdo majmuasida tashkil etilgan Markaziga 313 nafar volontyorlar jalb etilib, tadbir boshi (11 fevral`)dan aholidan 10 turdagi jami 416,6 tonna mahsulotlar qabul qilib olinishiga va Turkiya Respublikasiga jo'natilishiga ko'maklashildi.

    Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022 -2023 yillar davomida 38 mingdan ziyod volontyor yoshlar tomonidan 200 mingga yaqin daraxt ko'chatlari ekildi.

    Yoshlar markazlarida tashkil etilgan “Volontyorlar maktabi”da 10,2 ming nafar yosh volontyor o'qitildi. Ushbu volontyorlar tomonidan 50 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo'lgan va kam ta'minlangan hamda yolg'iz qariyalari mavjud oilalarga ijtimoiy loyihalar orqali ko'maklashildi.

    Yoshlar ishlari agentligi — sohadagi vakolatli davlat organi

    Har qanday harakat va tashabbuslarni rivojlantirish uchun uning qonuniy asoslari yaratilishi kerak. Shu bois 2019 yil 2 dekabrda “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. 2023 yil 18 avgustda ushbu qonunga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilib, sohadagi vakolatli davlat organi etib — Yoshlar ishlari agentligi belgilandi.

    Agentlik quyidagi vazifalarni o'z gardaniga olgan:

    — sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

    — normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

    — qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha takliflar kiritadi.

    Ushbu vakolatlar volontyorlikni rivojlantirish, imkoniyatlarni kengaytirish, volontyorlarni rag'batlantirish, turli masalalar bo'yicha loyihalar ishlab chiqib, amalga oshirishga xizmat qiladi.