Voyaga yetmaganlar mobil ilova orqali bank kartalaridan foydalanishi yanada osonlashadi

    Markaziy bank 14–18 yoshlilar bank kartalarini mobil ilovalarga biriktirishda uchrayotgan biometrik identifikatsiya muammolarini bartaraf etish boʻyicha bank va toʻlov tashkilotlariga qoʻshimcha koʻrsatmalar yubordi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan shaxslar bank kartalarini ochish va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalariga biriktirish jarayonida biometrik identifikatsiyadan oʻtish bilan bogʻliq qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani haqida murojaatlar koʻpaygan.

    Markaziy bank boshqaruvining qaroriga muvofiq, yaqinda “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma”ga oʻzgarishlar kiritilib, 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlarga hisobvaraqlarni mustaqil ravishda ochish huquqi berilgan.

    Bank kartalaridan foydalanishda xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida mobil ilovani yangidan roʻyxatdan oʻtish, parolni tiklash yoki boshqa qurilmadan kirishda Face-ID orqali biometrik tasdiqlash talabi joriy etilgan.

    Shu munosabat bilan Markaziy bank banklar va toʻlov tashkilotlariga xavflarni boshqarish siyosati asosida 14–18 yoshlilar uchun elektron toʻlov imkoniyatlarini taʼminlash, bir vaqtning oʻzida yuqori xavfli amaliyotlar uchun qoʻshimcha identifikatsiya talablarini saqlab qolish yuzasidan koʻrsatma yubordi.

    Qisqa vaqt ichida voyaga yetmaganlar banklar va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalari orqali oʻz kartalaridan toʻliq foydalanishlari mumkin boʻladi.