WBA Naoya Inoue — Murodjon Ahmadaliyev jangiga buyruq berdi!

    Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) ikkinchi eng yengil vazn toifasi chempioni, yaponiyalik Naoya Inouega Murodjon Ahmadaliyevdan majburiy himoya jangi oʻtkazishga buyruq berdi.

    Tashkilot tomonlarga rasmiy maktub yuborib, har ikki jamoaga jang haqida xabar berdi. Muzokara uchun 30 kun muxlat berildi, muddat 14-iyul kuni tugaydi.

    Reglamentga koʻra, chempion kamarni qoʻlga kiritgan kundan boshlab 9 oy ichida mavjud boʻlgan eng yaxshi daʼvogarga qarshi unvonini himoya qilishi kerak.

    Inoue 2023-yilning 26-dekabrida chempionlikni qoʻlga kiritgan va uning majburiy himoyasi shu yilning 25-sentyabridan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak. WBA yoʻnalishidagi majburiy daʼvogar esa aynan hamyurtimiz boʻlib turibdi.

    Agar belgilangan muddatda kelishuvga erishilmasa, promouterlar oʻrtasida ochiq kim oshdi savdosi oʻtkaziladi.

    Maʼlumot uchun, WBA va IBF yoʻnalishlarida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev AQSHda mashgʻulotlarni davom ettirmoqda.