“WikiOromgoh”da bir haftada sakkiz mingdan ortiq maqola yaratildi

    Bir hafta davomida o‘zbekcha Vikipediyada 8 mingdan ortiq maqola yaratildi, 365 tilli Vikipediyada o‘zbek tilidagi kontent 62-o‘rindan 55-o‘ringa chiqdi.

    Bu yil Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanalar navqiron avlod vakillari xotirasida unutilmas tarixiy kun sifatida muhrlandi. Shu kuni bir guruh tashabbuskor yoshlar uchun eng yirik internet ochiq ensiklopediyasi — Vikipediyani taqdim etish imkoniyati yaratildi. Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvda ushbu loyihani alohida e’tirof etib, internet tarmog‘ida o‘zbek milliy kontentini ko‘paytirishga mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. O‘zbek internet olamida matnli ma’lumot va videokontentlarni ko‘paytirish uchun zarur sharoit yaratilgani ham jamoa, ham yoshlar uchun juda katta qo‘llabquvvatlov, yangi marralar sari undovchi motivasiya bo‘ldi.

    Biz internet asrida yashayapmiz. Bir davlatning, tilning, millatning mavjudligi internet tarmoqlarida unga tegishli ma’lumotlar ko‘pligi bilan ham belgilanmoqda. Eng yirik internet ochiq ensiklopediyasi — Vikipediyada 316 tilda 59 millionta ma’lumot bor. Hozircha ular orasida o‘zbek tilidagi ma’lumotlar 164 mingdan ziyod. O‘zbek tilida ma’lumotlar yaratish yo‘lida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar boshlangani nur ustiga nur bo‘ldi.

    Davlat tilining axborot va kommunikasiya texnologiyalari, xususan, internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kitobxonlikka jalb qilish maqsadida may oyida “WikiStipendiya” marafoni yo‘lga qo‘yildi. Marafon doirasida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan yoshlar oromgohida “WikiOromgoh” tashkil etildi.

    1-8 avgust kulari “WikiOromgoh”da tashkil etilgan mahorat darslari va sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari kabi qiziqarli dasturlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish barobarida o‘zbek tilidagi Vikipediyaning son va salmoq jihatidan boyishiga xizmat qildi. Bir kunda ishtirokchilar tomonidan 2 mingdan ortiq yangi maqola yaratilib, Vikipediyaga joylandi.

    Bir hafta davomida o‘zbekcha Vikipediyada iyuldagidan-da ko‘proq, ya’ni 8 mingdan ortiq maqola yaratildi, 365 tilli Vikipediyada o‘zbek tilidagi kontent 62-o‘rindan 55-o‘ringa chiqdi.

    “WikiOromgoh” loyihasi “WikiStipendiya” marafonining bir qismi, xolos. Bundan tashqari, “WikiAyollar”, “WikiAudio”, “WikiTa’lim”, “WikiTarjimonlar” kabi loyihalar hamda “Dolzarb mavzu bo‘yicha eng zo‘r maqola”, “Ayollar, ularning huquqlari va jamiyatdagi o‘rni mavzusida eng yaxshi maqola”, “Sport mavzusida eng yaxshi maqola”, “Marafon yulduzi” kabi oraliq tanlovlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

    O‘zbekcha Vikipediyada endi maqolalarning audiovariantlarini ham topishingiz mumkin. Ya’ni “WikiAudio” loyihasi doirasida imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun maqolalar ovozlashtirilib, joylanib kelinmoqda.

    Shuningdek, “WikiAyollar” loyihasi doirasida ayollar, ularning huquqlari va majburiyatlariga oid maqolalar ko‘paytirilib, muntazam joylanmoqda.

    Bunday loyihalarning ko‘p bo‘lishi nafaqat o‘zbek tilining nufuzini oshirishga, balki O‘zbekistonimizning nomini dunyoga yanada keng tanitishga katta turtki bo‘ladi!

    Rushana Ziyodullaeva,

    “WikiStipendiya” loyihasi SMM mutaxassisi