Mazkur xalqaro tadbirda Turizm qoʻmitasi, “Uzbekistan Airways” kompaniyasi, mamlakatimiz elchixonasi va yurtimizning Britaniyadagi turizm brendi Sofi Ibbotson koʻmagida Oʻzbekiston milliy pavilyoni tashkil etildi.

Koʻrgazmada, shuningdek, “Silk Road Samarkand”, “Orient vouage”, “Dolores Travel Group”, “International Caravan travel Service” va boshqa milliy sayyohlik kompaniyalari vakillari ham ishtirok etmoqda.

Mamlakatimiz stendida yurtimizning boy sayyohlik salohiyati taqdim tashkil etilyapti. Unda tashrif buyuruvchilar respublikamiz, jumladan uning boy madaniy va tarixiy merosi, qadimiy shaharlari, Samarqanddagi “Abadiy shahar” majmuasi, mehmondoʻstlikning zamonaviy rivojlanishi va yangi infratuzilmalar haqidagi batafsil maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin.

Yangi sayyohlik yoʻnalishlarini ochish maqsadida britaniyalik va xorijiy kompaniyalar bilan “B2B” formatida muzokaralar oʻtkazilmoqda.

“World Travel Market London” - bu turizm sohasidagi eng yirik xalqaro koʻrgazma va yarmarkalardan biri boʻlib, ushbu sohadagi deyarli barcha xizmatlarni oʻz ichiga qamrab oladi.

Koʻrgazma 2009-yildan beri har yili Londonda oʻtkazib kelinadi. 2022-yilda “World Travel Market London”da 180 dan ortiq mamlakatlar, 3500 ga yaqin sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlarning stendlari turizm sohasidagi 30 mingdan ortiq mutaxassislar tomonidan namoyish etilgan.

Oʻzbekiston ushbu xalqaro tadbirda muntazam ishtirok etib kelmoqda.