Maʼlumotlarga koʻra, kuch ishlatar tuzilmalar vakillari kafelardan biriga bostirib kirib, u yerda boʻlgan bir guruh Oʻzbekiston fuqarolarini kaltaklagan.

Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro ogʻir jarohat olib, komaga tushgan. Ulardan biri bir necha kun oʻtib vafot etgan, yana bir fuqaro esa hozirda shifoxonada ogʻir ahvolda davolanayotgani aytilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk shahrida Oʻzbekiston fuqarosining vafoti bilan bogʻliq holat Oʻzbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi tomonidan nazoratga olingan.

Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada boʻlib, ularga zarur konsullik va amaliy yordam koʻrsatmoqda. Fuqaroning jasadini Vatanga qaytarish boʻyicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Hodisa yuzasidan Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Xabarovsk oʻlkasi Prokuraturasi, Tergov boshqarmasi hamda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Xabarovsk oʻlkasidagi vakolatxonasiga notalar yuborilib, holatni har tomonlama xolisona va qonuniy tartibda oʻrganish soʻraldi.

Ayni paytda fuqaroning vafot etish sabablari boʻyicha rasman tasdiqlangan maʼlumot mavjud emas. Tegishli idoralardan aniq maʼlumotlar kelib tushishi bilan jamoatchilikka qoʻshimcha axborot beriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan ikkinchi fuqaro haqidagi maʼlumotlar tasdiqlanmadi.

Oʻzbekiston diplomatlari xorijdagi har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ustuvor vazifa deb biladi.