Xabarovskda Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtyapti

    Madaniyat 17 Sentabr 2020 599

    Shu kunlarda Xabarovsk oʻlkasida oʻzbek xalqi milliy anʼanalari va amaliy sanʼatiga bagʻishlangan Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtyapti.

    Loyiha “Xabarovsk oʻlkasi xalqlari assambleyasi” jamoat tashkiloti va Uzoq Sharq davlat ilmiy kutubxonasi (USHDK) tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

    Uzoq Sharq davlat ilmiy kutubxonasi rasmiy veb-saytida (https://www.fessl.ru) televizion dastur namoyish etiladi va loyiha ishtirokchilari quyidagi muhim tadbirlarda ishtirok etishlari mumkin:

    – qadimgi epik asarlar, XIV asrdan XX asr boshlarigacha boʻlgan davr sheʼriyati va zamonaviy oʻzbek adabiyotining eng koʻzga koʻringan namoyandalari ijod mahsullari, bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek nasri va sheʼriyatining barcha turlarini qamrab oladigan “Oʻzbekistonning adabiy merosi” virtual koʻrgazmasi;

    – tashrif buyuruvchilarning Oʻzbekiston tarixi va madaniyati haqidagi bilimlarini sinovdan oʻtkazish imkonini beruvchi “Ajoyib Oʻzbekiston” onlayn viktorinasi.

    Maʼlumot oʻrnida, Xabarovsk oʻlkasini ham qamrab olgan Vladivostokdagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi maʼlumotiga koʻra, ushbu mintaqada 20 ming nafarga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi istiqomat qiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.