Xaker selfidan barmoq izini oʻgʻirlay oladimi?

    IT ekspertlari fikricha, firibgarlar tasvirdan barmoq izining yuqori sifatli nusxasini olish uchun foydalanishi mumkin.

    Xorijlik mutaxassislar selfi usulda rasmga tushayotganlarga V – tinchlik belgisini iloji boricha ishlatmaslikni maslahat bermoqda. Zero, firibgarlar suratdagi barmoqdan nusxa iz olishlari mumkin ekan.

    Tinchlikni ifodalash uchun keng qoʻllanadigan mazkur belgi koʻpincha suratga tushayotganda ishlatiladi. Koʻpchilik maʼnosini tushunmasdan shu holatda rasmga tushadi.

    Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Uinston Cherchill Ikkinchi jahon urushida gʻalabani anglatish maqsadida “V” belgisidan foydalangani bilan mashhur.

    IT ekspertlari fikricha, firibgarlar tasvirdan barmoq izining yuqori sifatli nusxasini olish uchun foydalanishi mumkin. Shu tariqa ular pul yoki shaxsiy maʼlumotni oʻgʻirlash uchun telefon va akkauntni buzib kirishadi.

    Ushbu daʼvo qanchalik asosli?

    Sirtdan qaraganda texnik jihatdan mumkindek tuyulgan ayni harakatni amalga oshirish imkoni juda kam.

    Sautgempton universiteti raqamli sud-tibbiy ekspertiza professori Sara Morris fikricha, xaker nazariy jihatdan onlayn joylashtirilgan selfidan barmoq izi nusxasini olishi mumkin, faqat oʻta tiniq kadrdan.

    – Gap rakursni toʻgʻri yoritish, kamerani qulay yoʻnaltirish, piksel soni, barmoqning toʻgʻri burchagi va kameraga yaqinligida, – deydi u “The Cube” nashriga bergan intervyusida. – Aksar telefonlar kamerasida zarur piksel soniga erishish juda qiyin.

    Lozanna universiteti raqamli sud-tibbiyot fanlari va tergov dotsenti Frank Braytinger ham xuddi shunday xulosaga keldi.

    – Sifatli suratdan nozik maʼlumot olish mumkin, ammo bu axborotni qayta ishlatish qiyin masala, – deydi u.

    Braytinger taʼkidlashicha, koʻplab ijtimoiy media platformalari orqali internetga kirish payti foto va video sifati pasayadi. Aynan shu holat maʼlumot oʻgʻirlanishi oldini olishda yordam beradigan qoʻshimcha qalqon vazifasini bajaradi.

    Ehtimoliy xakerning uskunasi va texnologiyasi qay darajada kuchliligi muhim emas. Agar manba maʼlumoti yetarli boʻlmasa, algoritm barmoq izi aniq nusxasini tiklash uchun kerakli axborotni toʻplay olmaydi. Hatto, firibgar uchun sharoit mukammal boʻlgan vaziyatda ham foto suratdan biometrik maʼlumot olishga qodir “super kuch”ga ega boʻlish dargumon.