Xalq banki Oʻzbekistonda birinchi boʻlib moliyaviy xatarlarni boshqarishni avtomatlashtirdi

    Ma'lumotlar har kuni tongda avtomatik tarzda yangilanib boradi.

    Banklarda hisobotlar davri, deb ataluvchi jarayon haqida ko'p eshitamiz. Oy oxiri yoki chorak, yil yakunlarida bir nechta xodimlarning asosiy vazifasiga aylanadigan ma'lumotlarni to'plash, hisobotlarni tayyorlash ishlari ba'zan bir necha kunlar, haftalarga cho'ziladi...

    Shu kabi ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo'yish maqsadida Xalq banki yurtimizda birinchilardan bo'lib xatarlar, bank aktiv va passivlarini boshqarish tizimini avtomatlashtirishga erishdi. Xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan “Fusion Risk” dasturiy ta'minoti moliya muassasasida bozor tavakkalchiligi, kredit, likvidlik, foiz stavkalarining o'zgarishi, boshqariluvchi metrik holatlaridagi moliyaviy xatarlarni identifikatsiya qilish, stress-test o'tkazish kabi murakkab jarayonlarni avtomatik boshqarish imkonini beradi.

    — Bank tizimida 2018-yil dekabr oyidan transformatsiya jarayonlari boshlangan bo'lsa, o'tgan qisqa vaqt ichida katta o'zgarishlar qilindi, — deydi aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi Raisi Farhod Salomov. — Xususan, xodimlarning kunlik ish samaradorligini oshiradigan bir qancha yangi, zamonaviy tizimlar yaratildi. Moliyaviy xatarlarni boshqarishni mukammallashtirish vazifasi ana shu jarayonlarning bir qismi edi. Shu bois, 2020-yilda xorijlik hamkorlarimiz — “FinExtra” MCHJ kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy, mutlaqo yangicha tizimni yaratish ustida ishlay boshladik. Maqsad — bankning ichki jarayonlari samaradorligini yanada oshirishdan iborat. Sababi, bank va moliya sohasidagi o'zgarishlar kunlik bo'ladi, bu esa doimiy yangilanish, transformatsiya jarayonlarini talab etadi. Biz ilk bor joriy etayotgan “Fusion Risk” tizimi xatarlarni boshqarishning yangicha usuli bo'lgani holda, hisobotlarni tayyorlash uchun sarflanadigan vaqt va mehnat xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.

    Avvallari hisobotlarni to'plash uchun ko'p vaqt sarflanib, ularning tahlili ustida kam ishlangan bo'lsa, yangi tizim buning aksini ta'minlaydi. Mutaxassislarning aytishicha, odatda bir necha xodim ishtirokida qo'lda shakllantiriladigan hisobot tahlillarini tayyorlash uchun yangi dasturiy ta'minotga 5-10 daqiqa kifoya qiladi. Asosiysi, jarayonlar avtomatik ravishda, inson omilisiz amalga oshiriladi. Prezidentning 2020-yil 24-fevraldagi “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o'tish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida ham bu jihatlar alohida nazarda tutilgani bejiz emas. Unga ko'ra, 2021-yil yakuniga qadar har bir tashkilot o'z xisobotlarini moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida tayyorlashi lozim bo'ladi.

    “Fusion Risk” dasturiy ta'minoti bank miqyosidagi xatarlarni kompleks boshqarish vazifasini bajaruvchi eng zamonaviy tizimlardan sanaladi. Loyiha yaratuvchilari Buyuk Britaniyaning yirik — kattaligi bo'yicha dunyoda 3-o'rinda turuvchi “Finastra” kompaniyasining eksklyuziv hamkori bo'lgan “FinExtra” MCHJ hisoblanadi. Xorijlik ekspert, YAqin SHarq va MDH davlatlaridagi “Finastra” kompaniyasi rahbari Hamid Nirouzadning ta'kidlashicha, “Fusion Risk” tizimi “Societe Generale”, “European Bank”, “Erste Bank” hamda “Al`fa” singari jahonning nomdor banklarida joriy etilgan bo'lib, ayni paytda dasturiy ta'minotdan dunyo bo'ylab 250 dan ortiq mijozlar foydalanadi. Endilikda ular qatoriga yurtimizdagi Xalq banki ham qo'shildi.

    — Avtomatik tizim O'zbekiston Markaziy banki talablariga to'liq moslashtirilgan, — deydi Muammoli aktivlar bilan ishlash departamenti direktori Baxtiyor Alimov. — Dasturiy ta'minotga ma'lumotlar yuklangach, kerakli funksiyalar orqali hisobot shakllanishni boshlaydi. Tizimning qulayligi shundaki, u dasturchining ishtirokisiz ham turli funktsiyalarni mustaqil qo'shib borishi mumkin. Mazkur tizim aktivlarning passivlarga bo'lgan mutanosibligini ko'rish singari amallarni bajarish, likvidlikni boshqarish va ularga sarf qilinayotgan ortiqcha xarajatlarni qisqartirish imkonini ham beradi. Aktiv va passivlarni boshqarish evaziga bankda avvalgidek oyda yoki yilda bir marotaba emas, balki kunlik tahlillarni amalga oshiramiz. Barcha ma'lumotlar har kuni tongda avtomatik tarzda yangilanib boradi. Bu esa kunlik aktivlarning o'zgarishini kuzatish va shu asosda muhim yo'nalishlarimizni ishlab chiqish, qaysidir xizmatlarimizni mijoz talabiga yanada moslashtirishga xizmat qiladi.

    Hisobotlarni nafaqat balans bo'yicha, balki har bir yo'nalish kesimida alohida olish mumkin. Qisqa vaqt ichida olingan shaffof ma'lumotlar jahon banklari tomonidan ham oson qabul qilinadi. Avtomatlashtirilgan tizim tahlillari xalqaro maydonda bankning moliyaviy holatini baholash va unga resurs ajratishda ishonchli asos bo'la oladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri