Xalq banki yana bir yirik kredit liniyasini jalb qilmoqda

    Moliya 5 Oktabr 2020 1537

    To'g'ridan-to'g'ri jalb qilinadigan kredit liniyalari mamlakat iqtisodiyoti uchun nihoyatda muhim. Qolaversa, bu mablag'lar jarayonning bevosita ishtirokchisi bo'lgan tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlaydi, likvidliligini oshiradi.

    Xalq banki ayni sababdan Germaniyaning jahonga mashhur "Deutche Bank AG" banki bilan hamkorlik o'rnatdi. Binobarin, bu mamlakatimizda investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish hamda chetdan sarmoyalar jalb qilish bo'yicha tijorat banklariga yuklatilgan vazifalar ijrosi bilan ham hamohangdir.

    Aytish joizki, "Deutche Bank AG" Frankfurt shahrida joylashgan, dunyo moliya bozorida 150 yillik tajribaga ega. 2019 yil yakunlariga ko'ra, mazkur bankning umumiy aktivlari 1,3 trln. evroni tashkil etgan. Sayyoramizning 59 mamlakatida filiallari bor. Ular soni 1931 ta. Ana shu muassasalarda 87,5 ming nafardan ziyod xodimlari ishlaydi.

    Xo'sh, Xalq banki mazkur bank bilan hamkorlik doirasida dastlab qanday sa'y-harakatlarni amalga oshirdi? Gap shundaki, joriy yil sentyabr` oyida ikki bank o'rtasida 150 mln. AQSH dollarigacha miqdorda kredit olish yuzasidan istiqbolli bitim imzolandi.

    Albatta, Xalq banki tashabbusi bilan.

    Hozir bitim doirasida 102,5 mln. AQSH dollari miqdorida maqbul foizlarda kredit mablag'lari jalb qilinyapti. Kelgusida yana 47,5 mln. AQSH dollarilik qismi ham o'zlashtirilishi ko'zda tutilgan.

    SHo' o'rinda haqli bir savol tug'iladi: Xalq banki bu mablag'larni nimalarga sarflamoqchi?

    Birinchi navbatda, ushbu kredit liniyasi bank mijozlari, tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladi. Masalan, eksportchi korxonalarni qo'llab-quvvatlashga 25 mln. AQSH dollari, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va go'sht etishtirish hajmini oshirishga ham shuncha mablag' ajratiladi.

    CHunonchi, Surxondaryo viloyatining Jarqo'rg'on tumani umumiy qiymati 5 mln. dollarlik istiqbolli loyiha ro'yobga chiqarilishi natijasida yiliga 25 ming tonna bug'doyni qayta ishlash yo'lga qo'yilsa, Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida 5 mln. AQSH dollarilik kredit evaziga yillik quvvati 25 mln. donaga teng qop ishlab ishlab chiqarish texnologiyasi ishga tushiriladi. SHu bilan birga, Buxoro viloyatining Kogon tumanida 1,4 mln. AQSH dollari evaziga Ukraina davlatidan 1260 bosh naslli qoramollar keltirilib, bo'rdoqichilik faoliyatiga kirishiladi. Xuddi shunday loyiha 520 bosh zotdor chorva mollarini estoniya davlatidan olib kelish hisobiga Qoraqalpog'iston Respublikasining Beruniy tumanida ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 523 ming AQSH dollari yo'naltiriladi. Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida esa 645 AQSH dollari qiymatidagi kredit evaziga Rossiyadan 630 bosh naslli qoramollar xarid qilib, bo'rdoqichilik yo'lga qo'yiladi.

    SHuningdek, 52,5 mln. AQSH dollarlik sarmoya hisobidan un, o'simlik yog'i, qizilmiya ekstrakti va paxta xom ashyosini qayta ishlash orqali yarim tayyor kalava-ip ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi.

    Xususan, Toshkent viloyatida bank tomonidan ajratiladigan 500 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit hisobiga bu erda yiliga 5 ming tonna o'simlik yog'i ishlab chiqarish ko'zda tutilmoqda.

    eng asosiysi, moliyalashtirilgan loyihalar doirasida tayyorlangan mahsulotlarning aksariyati eksportga chiqariladi.

    Bank Axborot xizmati.