Kun tartibiga ko'ra, dastlab Parkent tumanida ish olib borayotgan hokim yordamchilarining 6 oylik faoliyati bo'yicha tuman mutasaddilarining axboroti tinglandi.
Sessiya Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2022-yil 17-maydagi “Toshkent viloyatining 2023-yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi to'g'risida” qaroriga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish masalasini ko'rib chiqdi.
Xususan, Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan 2021-yil 10-dekabrdagi va 2022-yil 22-yanvardagi qarorga asosan tegishli vazirliklarning bo'limlari, tuman hokimliklari va sektor rahbarlari bilan birgalikda Toshkent viloyatida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining dastlabki loyihasi shakllantirilgani, dastur rejasiga muvofiq, 2023 yilda barcha tarmoqlar bo'yicha jami 148 ta loyihada umumiy qiymati 1 trln. 313,4 mlrd. so'mlik qurilish-ta'mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilishi qayd etildi.
Toshkent viloyatida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo'yilishiga ruxsat berish hamda sement beton qoplamali ichki yo'llar uchun ajratilgan mablag'larni hududlar kesimida taqsimlanishi bo'yicha manzilli ro'yxatni tasdiqlash masalasi muhokama qilindi. Mazkur masala bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi yer uchastkalari olib qo'yilishi va kompensatsiya berish ishlarini muvofiqlashtirish sho''basi mudiri E.Mirxoliqovning hisoboti tinglandi.
Shuningdek, sessiya kun tartibiga kiritilgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati bo'limi qoshidagi “Saxovat va ko'mak” jamg'armasiga kelib tushgan mablag'lar va ularni sarflash, aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash va aholiga bo'lib berilgan yerlardan samarali foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar bo'yicha qator masalalar deputatlar tomonidan keng muhokama qilinib, tegishli tartibda qarorlar qabul qilindi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.