Xalq diplomatiyasi rivojida xalqaro axborotning ahamiyati

    O'zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi va O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan Xalqaro axborot kuni arafasida “Xalq diplomatiyasi rivojida xalqaro axborotning ahamiyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Xalq diplomatiyasi markazi rahbari Qobiljon Sobirov ShHT mamlakatlari o'rtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko'maklashish, axborot resurslarini shakllantirish hamda ShHTning maqsadlari, vazifalari, faoliyatining ustuvor yo'nalishlari va asosiy printsiplarini keng tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan olib borilayotgan hamkorlik haqida so'z yuritdi. ShHT mamlakatlarining madaniy-gumanitar sohada erishgan yutuqlari to'g'risida axborot-tahliliy materiallar tayyorlash va ularni muntazam chop etib borish Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangani, Xalqaro axborotlashtirish akademiyasining 1992-yil 26-noyabrdagi Birinchi xalqaro axborot forumida ushbu kunni dunyo miqyosida Xalqaro axborot kuni sifatida nishonlash taklif etilgani, xalqaro hamjamiyatga ochiqlikni e'lon qilgan O'zbekiston uchun mazkur sana muhim voqelik hisoblanishini alohida ta'kidladi. Joriy yilda Shanxay hamkorlik tashkilotining 20 yilligi keng nishonlangani, ushbu xalqaro tashkilotga O'zbekiston raislik qilishi kabi muhim anjumanlarni dunyo ahliga etkazishda xalqaro axborot vakillari jonbozlik ko'rsatgani haqida to'xtaldi.

    Davra suhbatida madaniy, ilmiy, ma'rifiy dasturlarni tashkil etish, o'zaro delegatsiyalar almashinuvi, dolzarb mavzudagi xalqaro forumlar, badiiy ko'rgazmalar, musiqa festivallari va sport tadbirlarini o'tkazish doirasida Markaz bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar to'g'risida ishtirokchilarga batafsil ma'lumot berildi.

    O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov o'z ma'ruzasida xalqaro axborotning ahamiyati va uning o'zga xos jihatlariga to'xtalib, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi muassis hisoblangan Markaz tadbirlarini, xalq diplomatiyasi yutuqlarini xalqaro matbuotda keng yoritishga alohida e'tibor qaratilayotgani, ko'plab jurnalistlar bu borada faollik ko'rsatayotganini ta'kidladi.

    Tadbirda ommaviy axborot vositalarning global axborot makonidagi o'rni tobora ortib borayotgani, ularning faoliyati uchun zamon talablariga mos keladigan barcha shart-sharoitlar yaratilgani, madaniy-gumanitar sohadagi xalqaro aloqalarni rivojlantirish muhimligiga e'tibor qaratildi.

    O'zaro fikr almashish va munozaralar davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Markaz faoliyatini takomillashtirish va keng ko'lamda yoritish bo'yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar.

    Davra suhbati yakunida Q.Sobirov ishtirokchilarga taklif va tavsiyalar uchun minnatdorlik bildirib, ShHTga raislik navbati O'zbekistonga topshirilgani munosabati bilan o'tadigan xalqaro anjumanlarni xolisona yoritishda jurnalistlarning faol ishtiroki muhim ekanligini ta'kidladi.

    O'zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining

    Xalq diplomatiyasi markazi axborot xizmati/