Tadbirning asosiy maqsadi - ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini kengaytirish, xalq diplomatiyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha axborot resurslarini tatbiq etish, Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida axborot sohasida o‘zaro tajriba almashishdan iborat.
Tadbirni O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov ochib berdi. Mamlakatimizda OAV fuqarolik jamiyati institutlari tizimida alohida o‘ringa ega bo‘lganligini, davlat va jamiyat qurilishi sohasida olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va islohotlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etganligini, - Markaz direktori o‘z so‘zida taʼkidladi.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z nutqida fuqarolik jamiyati va xorijiy mamlakatlar auditoriyalari bilan hamkorlikda xalq diplomatiyasining ahamiyatini alohida taʼkidlab, ommaviy axborot vositalarining global axborot makonidagi o‘rni tobora ortib borayotganligi, ularning faoliyati uchun zamon talablariga mos keladigan barcha shart-sharoitlar yaratilganligi, madaniy-gumanitar sohadagi xalqaro aloqalarni rivojlantirish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
O‘zaro fikr almashish va munozaralar davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Markaz faoliyatini takomillashtirish va uni keng ko‘lamda yoritish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar.
Davra suhbati yakunlarini sarhisob qilar ekan, Markaz direktori Qobiljon Sobirov ishtirokchilarga taqdim etilgan taklif, mulohaza va tavsiyalar uchun minnatdorchilik bildirib, SHHT doirasida ko‘p tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Markaz va OAV vakillari o‘rtasida yana-da samarali o‘zaro hamkorlik qilinishiga umid bildirdi.