Kuni kecha Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor majlisi mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasining eng muhim yoʻnalishlaridan biri — inson kapitalini rivojlantirish, aniqrogʻi, taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlar tahliliga bagʻishlandi.

Zamonaviy hayotni bugun ilm-maʼrifat va taʼlim taraqqiyotisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Jahonning yetakchi davlatlarida oʻqitish tizimini rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilangani ham bejiz emas. Zero, mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan belgilanadi.

Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida taʼlim sohasini tubdan takomillashtirish, bilim berish sifatini oshirish, intellektual salohiyatli, jismoniy barkamol avlodni kamolga yetkazish, aniq fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish va iqtisodiyotning turli sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan edi.

Oʻtgan davrda taʼlim tizimi mutasaddilari yurtimizning barcha hududida boʻlib, soha boʻyicha belgilangan vazifalarning bajarilishi, oʻgʻil­-qizlarning sifatli taʼlim olib, vatanparvar, komil inson sifatida tarbiyalanishi uchun yaratilgan shart-­sharoitlar, bajarilayotgan ishlarni aniq raqamlar asosida oʻrgandi.

Soʻnggi paytlarda oʻquvchilarga berilayotgan taʼlim sifati, oʻqituvchilarning salohiyati va oliygohlarga kirish koʻrsatkichi boʻyicha baʼzi hududlarda ijobiy oʻzgarish yaqqol sezilyapti. Biroq shunday boʻlsa­-da, bugun ham mamlakatimizdagi 852 ta maktab mazkur koʻrsatkichlar boʻyicha ortda qolmoqda.

Umumtaʼlim maktablarida oʻtgan oʻn yilliklardan meros boʻlib qolgan muammo — oʻquv oʻrinlari yetishmasligi tufayli darslar bir necha smenada olib borilyapti. Bu holatni qadam­-baqadam qisqartirish boʻyicha hududlarda qilinayotgan ishlar yuzasidan hokimlar bergan maʼlumot muammo tez va butkul hal etilishiga kishini ishontiradi.

Yigʻilishda bu masala, ayniqsa, aholi zich yashaydigan yoki markazdan olis hududlarda bartaraf etilishi zarurligi adolat nuqtayi nazaridan ham, joylardagi noyob iqtidorli yoshlarni roʻyobga chiqarish jihatidan ham muhimligi tushuntirildi. Jumladan, Xorazmdagi iqtidorli oʻquvchilarning xalqaro reytinglarda yuqori natija qayd etib, qator xorijiy universitetlar grantiga sazovor boʻlgani haqida keltirilgan misol har bir yurtdoshimiz qalbida gʻurur va iftixor uygʻotadi.

Farzandlarimizning bunday chuqur bilim va salohiyatga ega boʻlishida barcha viloyatlarda zamonaviy talablar asosida qurilgan hamda zarur oʻquv jihozlari va texnikaviy vositalar bilan taʼminlangan Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining oʻrni katta. Galdagi vazifa ushbu maktablarda toʻplangan ilgʻor tajriba va oʻquv metodikasini mamlakatimizdagi 10 mingdan ortiq maktabga tatbiq etishdan iborat.

Bundan tashqari, yurtimizning barcha tumanlarida tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan 195 ta yangi maktab ochilishi iqtidor egalariga, qayerda yashashidan qatʼi nazar, sifatli bilim olish uchun teng imkoniyat taqdim etadi. Aynan shu eʼtibor milliy gʻoyaga aylangan Uchinchi Renessansning maktabdan boshlanishiga yana bir ishonchli dalildir.

Davlatimiz rahbari yangi maktablar qurish, mavjudlarini taʼmirlash va qayta jihozlash davlat oldida turgan ogʻir boʻlsa­da, aniq va toʻliq bajariladigan vazifaligini, lekin oʻqitishning yangi, zamonaviy metodikasini yaratish va oʻzlashtirish, barcha oʻqituvchining bu metodikani mukammal bilishiga erishish yana bir oʻta muhim, tizim va hududlar mutasaddilari doimiy oʻylashi kerak boʻlgan masala ekanini taʼkidladi.

Taʼlim tizimini tubdan isloh qilib, xalqaro miqyosga olib chiqish uchun bajarilishi zarur boʻlgan bunday ishlarga davlat tomonidan 100 million dollar qoʻshimcha mablagʻ maqsadli ajratilishi maʼlum qilindi.

Zamonaviy taʼlim jarayonida axborot texnologiyalarining ahamiyatini xisobga olib, mamlakatimizdagi har bir maktabni yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi bilan taʼminlash, 100 MB/c.gacha tezlikda axborot almashinuvi imkoniyatini yaratish oʻquvchilarning axborot texnologiyalari va dasturlashtirish asoslarini samarali oʻrganishiga, shuningdek, oʻqituvchilarning xorijlik hamkorlar bilan yangi pedagogik metodikalarni amaliyotda keng qoʻllashga xizmat qiladi.

Eʼtiborlisi, baʼzi viloyat hokimlari tashabbusi bilan tadbirkorlar, klaster rahbarlari ilgʻor xorijiy tajribani bevosita qoʻllash maqsadida rivojlangan mamlakatlar, xususan, Finlyandiya va Koreya Respublikasidan koʻp yillik pedagogik tajribaga ega oʻqituvchilarni hududlardagi maktablarda dars berishga taklif etish uchun oʻz hisobidan mablagʻ ajratmoqda.

Maktablarni yangi uskunalar bilan jihozlashga davlat byudjetidan yoʻnaltiriladigan 200 milliard soʻmga qoʻshimcha ravishda mahalliy byudjetlardan yana shuncha miqdorda mablagʻ ajratilgani taʼlim tizimini rivojlantirish yurtimizda umummilliy vazifaga aylanganining yorqin ifodasidir.

Yigʻilishda koʻtarilgan dolzarb masalalardan yana biri shuki, hududlardagi Malaka oshirish markazi negizida pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatuvchi Milliy taʼlim markazi tashkil etiladi. Ularga aniq va tabiiy fanlar boʻyicha xorijlik eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi. Eng asosiysi, har bir viloyatda trenerlar guruhi shakllantirilib, joylarda maktab oʻqituvchilarining malakasini oshirish bilan shugʻullanadi.

Majlisda alohida urgʻu berilgan yana bir masala maʼnaviy-­maʼrifiy tarbiya ishlarini yanada rivojlantirishdir. Oʻquvchilarni nafaqat salohiyatli, chuqur bilim sohibi etib kamolga yetkazish, balki vatanparvar, oʻz yurti va tarixini sevuvchi, komil inson qilib tarbiyalash ham birdek muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Bu vazifani samarali bajarish uchun oʻqituvchilar bolalar, ota­onalar, jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlashi zarur.

Bu yoʻnalishda Xalq taʼlimi vazirligining barcha masʼul davlat organlari, mutaxassislar va jamoatchilik vakillari bilan birgalikdagi faoliyati muhim ahamiyatga ega. Zero, navqiron avlodga chuqur bilim berish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, mustaqil fikriga ega, turli yot gʻoyalarga qarshi kurasha oladigan, fidoyi insonlar etib tarbiyalash yurtimizdagi islohotlarning asosiy mazmun­mohiyatini tashkil qiladi.

Qisqa qilib aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar farzandlarimizning hamma sohada yetuk, chuqur bilim va tafakkurga ega, salohiyatli insonlar boʻlib kamolga yetishiga puxta zamin boʻlib xizmat qiladi. Bu imkoniyatlar Oʻzbekiston taʼlim tizimini rivojlangan davlatlardagi oʻqitish andozalarini hisobga olib yoʻlga qoʻyishni va shu asnoda yurtimiz iqtisodiyotini rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyoti darajasiga koʻtarishda mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimiz maktabga eng katta boyligini — zurriyodini ishonib topshirayotgan ekan, bu boylikni avaylab­asrash, qiymatini yanada oshirish uchun oʻgʻil-­qizlarimizga chuqur, zamonaviy taʼlim berish va har tomonlama tarbiyalash umummilliy vazifa boʻlib qolaveradi.