Bu bejiz emas. 30-aprel kuni mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir–Oʻzbekiston respublikasi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi boʻyicha Referendum oʻtkazildi.
Bu tarixiy voqeaga barcha joyda qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. Aholi vakillari ishtirokida targʻibot tadbirlari tashkil etilib, yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati tushuntirib borilyapti. Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlar shubhasiz, inson qadrini ulugʻlash, haq-huquqlarini himoyalashda mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.
Maʼnaviyat festivali ishtirokchilari dastlab Qoʻqon, Margʻilon, Quvasoy shaharlari va Furqat tumanida keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.
Quvasoy shahridagi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinidagi madaniyat markazida boʻlib oʻtgan tadbirda soʻzga chiqqanlar Yangi Oʻzbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi jamiyatimiz milliy taraqqiyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan hayotiy zaruriyat ekanligi, unda Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishning huquqiy asoslari mustahkamlanayotgani eʼtirof etildi.
Samimiy muloqotlarga boy tarzda kechgan uchrashuvda bosh qomusimizdagi muhim oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar berildi. Festival ishtirokchilari yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgarish va qoʻshimchalarga befarq emasliklari, 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumda faol ishtirok etishlarini bildirishdi.
Targʻibot guruhi aʼzolarining sheʼr va diltortar kuy- qoʻshiqlari barchaga koʻtarinkilik bagʻishladi.
Tadbir doirasida muborak Ramazon oyi munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, moddiy, maʼnaviy yordamlar koʻrsatilmoqda.
Fargʻona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida yoshi ulugʻ nuroniylar, mahalla faollari va ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Maʼnaviyat festivali viloyat boʻylab davom etmoqda.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.