Ammo, inson qadri va manfaatlarining yuksalishi, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlik uchun qulay bo‘lgan ishbilarmonlik muhitini yaratish, aholining ijtimoiy ta’minotini to‘laqonli ta’minlash borasida boshlangan ishlar nafaqat qabul qilayotgan qonunlarimizni, shu bilan birga barcha huquqiy faoliyatimiz uchun mustahkam asos bo‘lgan Bosh qomusimizni ham bugungi zamon talablari nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda o‘zgartirishni talab etmoqda.

E’tiborli jihati bunda ham eng avvalo, fuqarolarimizning fikr va mulohazalarini tinglash, ular tomonidan bildirilgan har bir taklif va tashabbuslarni e’tiborga olishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Boisi, ushbu tashabbus Oliy Majlis Qonunchilik palatasida faoliyat ko‘rsatayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik patiyasi fraksiyalari tomonidan kun tartibiga olib chiqilganligi bilan uning hayotimizga tatbiq etilishi borasidagi dastlabki takliflar bundan bir yil oldin yurtdoshlarimiz tomonidan ilgari surilgan edi.

Jumladan, o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovlari arafasida Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanidagi saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida muloqotga tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz tomonidan bugun ekologik muammolar kun sayin salbiy tus olayotgani, insonlarning ekologiya bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari kabi normalar Bosh qomusimizda ham o‘z aksini topishi maqsadga muvofiq bo‘lishi tashabbusi ilgari surilgan edi.

Albatta, ushbu islohot jarayonida o‘tgan besh yillikda shakllangan xalq bilan maslahatlashgan holda, ularning fikr va mulohazalariga quloq tutib ish ko‘rishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu boisdan, 20 may kuni Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisi o‘tkazilib, yig‘ilishda Konstitusiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish katta kuch va mas’uliyat talab qilishi, bunda har bir fuqaromizning fikrlarini tinglash zarurligi qayt etilib, ushbu vazifalar bilan shug‘ullanuvchi Konstitusiyaviy komissiya tashkil etildi. Bevosita fuqarolar bilan muloqot olib borish maqsadida ushbu komissiyaning matbuot xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur Konstitusiyaviy komissiya tarkibiga barcha hududlardan xalq vakillari bo‘lgan deputatlar, senatorlar, jamiyatning turli qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetuk huquqshunos va siyosatshunoslar hamda boshqa bir qator soha vakillari va ekspertlar kiritildi.

Ushbu komissiya a’zolari tomonidan yurtdoshlarimiz uchun nafaqat respublikamiz hududida, shu bilan birga, dunyoning istalgan joyida turib Konstitusiyamizni o‘zgartirish uchun taklif berish imkoniyati yaratib berildi. Xususan, qisqa vaqt ichida Konstitusiyani takomillashtirish uchun fuqarolarga o‘z takliflarini bildirishining bir necha ko‘rinishdagi imkoniyatlari yaratildi. Ayni kunda yurtdoshlarimiz Meningkonstitutsiyam.uz portali hamda maxsus Telegram-bot va koll-markaz orqali takliflarini bildirishmoqda. Shu bilan birga, joylarda soha vakillari hamda faollar tomonidan turli xil ko‘rinishdagi uchrashuv va davra suhbatlari ham tashkil etilib, ularning takliflari tinglanmoqda.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Konustitusiyaviy o‘zgarishlar, qonunchiligimizni takomillashtirish bilan birgalikda 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish uchun ham muhim bo‘lgan zarurat hisoblanadi. Sababi, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan inson manfaatlari va jamiyat taraqqiyotini taminlovchi mantiqiy ketma-ketlikdagi yettita yo‘nalish va yuzta maqsadni birinchi navbatda bugungi global o‘zgarishlarga yuz tutgan dunyo hamjamiyatidagi islohotlarga mos va hamohang tarzda amalga oshirish hayotiy zarurat sanaladi. Jumladan, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqaroga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformasiya qilish, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, qonun ustuvorligi va konstitusiyaviy qonuniylikni ta’minlash va inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish kabi bir qator maqsadlarni amalga oshirish aynan konstitusiyaviy islohotlar natijasi bilan bevosita bog‘liq sanaladi.

Boisi, so‘nggi yillarda konstitusiyaviy o‘zgarishlar amalga oshirilgan mamlakatlarda qonun ustuvorligini ta’minlash, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etish borasida bir qator ijobiy natijalarga erishilgan.

Shu sabab, Konstitusiyaviy islohotlarda avval amal qilgan “davlat — jamiyat — inson” tamoyili yangi “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga o‘zgartirilib, konstitusiyaviy qonunchilik va konstitusiyaviy amaliyotda mustahkamlanmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini oshirish, Konstitusiyada davlat yoshlar siyosatini, yoshlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini, ularning huquqi va manfaatlarini aks ettirish kabi yo‘nalishlarga ustuvorlik qaratilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, bugun amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar, avvalo, aholi farovonligi va mamlakat ravnaqini yanada yuksaltirishga, Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudratini mustahkamlash orqali dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan yanada ahmiyatlidir.

Shu bois, har birimiz Yangi O‘zbekistonning Uchinchi renessansi uchun amalga oshiriladigan islohotlarning hamda inson manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinuvchi qaror va qonunlarimizni mustahkam huquqiy zamini bo‘lgan Bosh qomusimizning har bir bobi va moddalari bo‘yicha o‘z fikrimizni bildirishimiz darkor. Zero, xalq muallifligida yozilgan hujjatlargina, faqat va faqat taraqqiyotga xizmat qiladi.

Muzafara Abdiyeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati