«Murodboy-Suxrobboy» MCHJ tomonidan tabiiy gaz tarmogʻiga hech qanday ruxsatnomasiz, oʻzboshimchalik bilan ulanishi natijasida katta miqdordagi tabiiy gaz oʻgʻirlanish holati “Hududgaztaʼminot“ AJning Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish boshqarmasi va ”Hududgaz Qashqadaryo” gaz taʼminoti filialining Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish boʻlimi xodimlari tomonidan aniqlandi. “Pishgan” gʻishtlarni ishlab chiqarish uchun moslashtirilgan mazkur sexda foydalanilgan 12 dona qoʻlbola gaz gorelkalari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

“Hududgaz Qashqadaryo” GTFning taqdim etgan maʼlumotlariga koʻra, yuqorida nomi zikr etilgan korxonaning noqonuniy faoliyati davri mobaynida, qish mavsumida maktablar, kasalxonalar, uy-joy, bolalar bogʻchalari, nogironlik uylari, xullas, ijtimoiy obyektlar hamda aholi ehtiyojlari uchun belgilangan tabiiy gazni oʻzboshimchalik bilan ishlatib yuborishgan. Oʻgʻirlangan tabiiy gazning umumiy hajmi 4,3 million kub metrni, bu esa oʻz navbatida, taxminan toʻrt ming xonadonning bir oylik tabiiy gaz isteʼmoli hajmini tashkil etmoqda. Tabiiy gazni oʻgʻirlash holati boʻyicha talonchilar tomonidan yetkazilgan zarar miqdori 4,3 milliard soʻmni tashkil etdi.

Hayotda hamma narsa ham pul bilan oʻlchanmaydi. Ayniqsa, qish mavsumida “zangori yoqilgʻi”iga boʻlgan talab ortishi fonida, baʼzi masʼuliyatsiz shaxslar tomonidan barcha axloqiy meʼyorlarni buzib, oʻz shaxsiy manfaatlarini xalq manfaatidan ustun qoʻyishga harakat qilinmoqda. Sodda qilib aytganda, or-nomus, vijdon va odob-axloq kabi insoniy tuygʻular begona boʻlgan bu kabi shaxslar, oʻz vatandoshlarining taqdiri haqida qaygʻurmay xalq rizqini qiymoqdalar.

Gaz taʼminoti yuzasidan boʻlayotgan koʻplab shikoyatlar ortidan, xalqimiz albatta, gaz bilan bogʻliq mana muammoli holatlarni keltirib chiqarayotgan oʻz “qahramonlari”ni ham bilib olishlari ham kerak. Maʼlumot uchun, «Murodboy-Suxrobboy» MCHJ asoschisi fuqaro Olmosbek Quvatov ekanligi maʼlum boʻldi.

Tabiiy gazni talon-taroj qilish boʻyicha toʻplangan barcha hujjatlar qonunga muvofiq tegishli choralar koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi.

“Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati