Bu jarayonda poytaxt aholisidan uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, yoʻl qurilishi, tadbirkorlik kabi sohalar boʻyicha kelib tushayotgan murojaatlarni hal qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Aytaylik, Olmazor tumani “Chiltoʻgʻon” mahallasida yashovchi Nigina Ahmedova Usta olim koʻchasida avtomobillar serqatnovligi oqibatida aholiga noqulaylik tugʻilayotgani, yoʻl-transport hodisalari yuz berayotgani aytilib, hududda rejalashtirilgan yoʻl usti piyodalar koʻprigi qurilishini tezroq boshlab, bitirib berishda amaliy yordam soʻralgan. Shu mazmundagi murojaatlar tegishli tashkilotlar hamkorligida ishchi guruh tuzilgan holda oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlar natijasida tegishli dasturlarga taklif kiritilib, 2022-yil iyuldan mazkur yoʻl usti koʻprigini bunyod etish ishlari boshlandi. Ayni paytda qurilish ishlari olib borilmoqda.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi qadimiy manzillaridan biri “Koʻkcha” mahallasi 7-Qoʻrgʻoncha koʻchasida esa shu paytgacha oqava suv tarmogʻi yoʻq edi. Aholining poytaxtimizdagi ommaviy qabullardagi murojaatidan soʻng bu boradagi ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi”ga asosan bugun mazkur koʻchada 850 pogonometr oqava suv tarmogʻi tortilyapti, 2 ta oqava suv haydash nasosi oʻrnatiladi. Bu bilan 67 ta xonadonning 60 yillik masalasi nihoyat barham topyapti.

Sergeli tumanidagi Noʻgʻayqoʻrgʻon mahallasi Saʼdiy koʻchasi aholisidan kelib tushgan murojaatlarda esa elektr tarmoqlaridagi muammolarga yechim topish kun tartibiga qoʻyilgan edi. Aholi soni, ishlab chiqarish quvvatlari oshgan boʻlsa-da, transformator almashtirilmagani tez-tez uzilishlarga sabab boʻlar, bu esa, tabiiyki, odamlarning xunobini oshirardi. Bu boradagi murojaatlar joyiga chiqib oʻrganilgach, chindan ham Noʻgʻayqoʻrgʻon va Qubaytepa mahallalarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi transformator zoʻriqib ishlayotgani aniqlandi. Va dastur asosida ayni paytda 400 kilovolt-amper oʻrniga quvvati 630 kilovolt-amperli yangi transformator oʻrnatilmoqda.

Mavzuni Sergeli tumani Qoʻyliq 6 massividagi 15-uy misolida davom ettirsak, 1970-yillarda qurilgan bu uyda 200 ga yaqin aholiga xizmat koʻrsatadigan lift ham allaqachon muddatini oʻtab boʻlgan, uning nosozligi bois yuqori qavatdagi nuroniylar havo olish uchun oyda bir koʻchaga chiqishga ham majbur boʻlayotgandi. Shu uyda yashovchi Xurshida Tovboyeva va boshqalarning murojaatlari asosida bu masala ham manzilli dasturga kiritilgach, mazkur uyda ham ancha vaqtdan beri kutilgan yangi lift oʻrnatish ishlari boshlandi.

Shayxontohur tumani “Qoratosh” mahallasidagi 104-, Chilonzor tumani 16-mavzedagi 16-uylar yashovchi aholini ham ayni shu masala anchadan beri bezovta qilayotgan edi. Murojaatlardan soʻng bu uylardagi foydalanilayotganiga 30 yildan oshgan, belgilangan muddatidan ham 5 yildan ziyod vaqt xizmat qilgan eski liftlar ham ayni kunlarda yangilanmoqda.

Olmazor tumani Noroztepa koʻchasidagi 1-uyda 1980-yillarda oʻrnatilgan liftlar ham birin-ketin yangisiga almashtirilgach, 81 xonadonning mushkuli oson boʻldi.

Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalarining ham mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari-yu xotin-qizlar faollari bilan uygʻun faoliyat olib borayotgani, ularning boshini birlashtirayotgani mahallalardagi koʻplab tizimli muammolarga yechim topish imkonini bermoqda. Deylik, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston sanʼat arbobi, professor Saʼdulla Abdullayev koʻp yillar Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida mehnat qilgan. Saʼdulla akaning qizi Fotima ham ota kasbini tanladi, tez orada sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini himoya qiladi. Yosh isteʼdod egasi uchun esa amaliyot nihoyatda zarur edi. Fotima Abdullayeva ayni shu masaladagi murojaati sektor va mahalla masʼullari bilan birga koʻrib chiqilgach, unga “Kamolon” mahallasidagi 34-maktabning boʻsh turgan yertoʻlasida dizaynerlik yoʻnalishida oʻquv kursi tashkil qilishda amaliy yordam koʻrsatildi. Yertoʻladan joy ajratilib, xonalar taʼmirlandi, 33 mln. soʻmlik imtiyozli kredit evaziga zarur jihozlar olindi. Natijada bugun oʻnlab oilalar farzandlari bu yerda dizaynerlik sir-asrorini oʻrganmoqda.

Yogʻoch oʻymakorligi hadisini olgan yosh hunarmand Jamshid Gʻulomovning ham shu mazmundagi murojaatidan soʻng unga ham “Kamolon” mahallasidagi 84-maktabning boʻsh turgan yertoʻlasidan joy ajratildi. Bu yerda moʻjaz ustaxona va toʻgarak tashkil qilgan yosh hunarmand oʻnlab yoshlarga yogʻoch oʻymakorligidan saboq bermoqda.

Asli tibbiyot xodimi boʻlgan Maʼmura Muhrimovaga ham shu yerda jismoniy tarbiya kursini tashkil etishda koʻmaklashildi. Bugun Maʼmura opa jismoniy rivojlanishi nisbatan past boʻlgan 20 dan ortiq bolalar bilan mashgʻulotlar olib bormoqda.

Har bir kishi ogʻir vaziyatga tushar ekan, birinchi navbatda, davlatdan yordam kutadi. Kutilgan koʻmak qoʻli choʻzilganda esa inson shu jamiyatda oʻz oʻrni, oʻz qadri borligini anglaydi. Ota-onasidan erta ajrab, buvisining qoʻlida ulgʻaygan olmazorlik Abdugʻaffor Ibodov ham parrandachilikka qiziqdi, shu yoʻnalishdagi fabrikalarda ishlab, tajriba orttirdi. Soʻng oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishni maqsad qildi. Tuman sektorlari rahbarlarining sayyor qabulida Abdugʻafforning ham dekorativ joʻjalarni koʻpaytirishga oid biznes-loyihasi maʼqullandi. 20 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Bu pulga inkubator va tovuq qafaslari xarid qilgan yigitcha joʻja parvarishlashga kirishib ketdi, oʻz daromad manbaiga ega boʻldi, tadbirkor boʻldi.

Ha, murojaatlaridan soʻng hayotida real oʻzgarishlar boʻlayotgan bu kabi koʻplab taqdirlarni bir jihat – davlat qoʻlloviga tayanch, ertangi kunga ishonch va albatta farovon hayotga intilish yakdilligi birlashtirib turibdi. “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” gʻoyasi amalda qaror topayotganini, xalq bilan muloqot instituti eng quyi boʻgʻinlargacha kirib borib amaliy oʻzgarishlar-u yangilanishga asos boʻlayotganini har kuni ming-minglar yurtdoshimiz oʻz kundalik hayotida koʻrmoqda, sezmoqda. Xalqimiz davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ularning oʻzi ekanini oʻz turmushida his etmoqda. Real hayotiy masalalarning amalda hal qilib berilishi esa har bir insonning ertangi kunga, adolat va haqiqat kuch-qudratiga ishonchini yanada mustahkamlaydi.