Shu yil 18-mart kuni Prezidentimizning sogʻliqni saqlash tizimi vakillari bilan ochiq muloqoti tibbiyotimizga, shu orqali xalqimiz salomatligi va millatimiz genofondini mustahkamlashga qaratilgan yuksak eʼtibor namunasi boʻldi.
Soʻnggi yillarda birgina Samarqand viloyati misolida tibbiyot sohasida salmoqli ishlar bajarildi. Davlatimiz rahbari har gal viloyatga tashrif buyurganida, albatta, aholi salomatligi xususida toʻxtalib, muayyan topshiriq va tavsiyalar beradi. Ana shu eʼtibor natijasida Samarqandda oʻtgan yilning oʻzida 6 ta oilaviy shifokorlik punkti, 5 ta oilaviy poliklinika ochildi. Bu yil yana 7 ta oilaviy shifokorlik punkti, 4 ta oilaviy poliklinika ochish rejalashtirilgan. Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, 43 ta oilaviy poliklinika EKG va UTT apparati bilan jihozlandi.
Aholi 66 turdagi dori-darmon bilan bepul taʼminlanmoqda. Qoʻshrabot, Nurobod, Kattaqoʻrgʻon tumanlaridagi oilaviy shifokorlik punktlarini mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida “Qishloq shifokori” dasturi asosida 10 nafar shifokor ishga qabul qilindi. Ular uyjoy va bir martalik 30 million soʻmlik moddiy ragʻbat bilan taʼminlandi.
Davlatimiz rahbari chet eldagi oʻzbek shifokorlarini yurtimizga qaytarish zarurligini bir necha marta taʼkidlagan edi. Chunki bu tibbiyotimiz rivojiga ulkan ijobiy taʼsir koʻrsatardi. Hozir respublika ixtisoslashtirilgan 12 ta tibbiyot markazining filiallari aholiga xizmat koʻrsatyapti. Xorijda ishlab, tajriba orttirib qaytgan yetuk malakali 36 nafar shifokor yurtdoshimiz mazkur filiallarda ishlamoqda. Faqat Toshkentda oʻtkaziladigan 350 turdagi jarrohlik amaliyotining 318 turi viloyat davolash-profilaktika muassasalarida qoʻllanyapti. Bu ham aholi salomatligi yoʻlidagi ajoyib qulaylik boʻlib, endi yurtdoshlarimiz davolanish uchun uzoqqa borib, sarson boʻlmaydi.
Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishda zamonaviy jihozlarning oʻrni katta. Oʻtgan yili viloyatdagi kardiologiya markaziga 48 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar oʻrnatildi hamda 19 nafar xorijda faoliyat olib borgan vatandoshimiz ishga olindi. Bu yangilanish ham tezda oʻz samarasini berdi. 2021-yilning oʻzida markazda 3 mingdan ortiq bemorda ochiq, 6 mingdan ziyod bemorning yuragida yopiq turdagi murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Ochiq usuldagi yurak jarrohligi amaliyotining mingdan ortigʻi bolalarda bajarilgani tibbiyotimizdagi ijobiy siljishdan darak beradi.
Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida akademik V.Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya markazi filiali ochilganidan soʻng Samarqandda ilk bor 10 nafar bemorda buyrak trans plantatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Buyrak yetishmovchiligidan koʻp yillar aziyat chekib yurgan xastalarga qulaylik yaratildi. Jumladan, gemodializ muassasasi soni bittadan beshtaga yetkazildi. Shundan ikkitasi Kattaqoʻrgʻon shahri va Urgut tumanida joylashgan. Viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida sunʼiy buyrak boʻlimi ochilib, hozir 120 nafar bemorda gemodializ seanslari oʻtkazilmoqda. Bu boʻlim viloyat aholisidan tashqari, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridan keladigan bemorlarga ham tibbiy xizmat koʻrsatyapti.
Prezidentimiz har safar hududlarga borganida, albatta, tibbiyot maskanlariga kirishga, shifokorlar bilan uchrashib, aholiga zarur sharoit yaratib berish boʻyicha koʻrsatmalar beradi. Mana shu topshiriqlar ijrosini amalda koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz. Birgina Samarqand viloyati onkologiya dispanserida uzoq yillar nur terapiyasi bilan davolashning imkoni boʻlmagan. Bemorlar davolanish uchun Toshkent shahriga, boshqa viloyatlarga borishga majbur edi. Mazkur markazga 2 million yevrolik ichki va tashqi nur terapiyasi apparatlari keltirib oʻrnatilganidan keyin bemorlar ovoragarchiligi barham topdi. Aholining davolanish uchun viloyatdan uzoqqa borishiga ehtiyoj qolmadi.
Urgut va Paxtachi tumanlarida esa bu yil tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi. Ishtixon va Bulungʻur tumanlarida ham xuddi shunday markazlarni ochish rejalashtirilgan.
Irsiy kasalliklarning oldini olish, viloyatda nogiron bolalar tugʻilishini kamaytirish maqsadida Kattaqoʻrgʻon shahri tibbiyot birlashmasida “Ona va bola” skrining markazining hududiy filiali ish boshladi. Kerakli uskunalar bilan taʼminlandi. Kattaqoʻrgʻon shahri, Paxtachi, Pastdargʻom, Payariq, Urgut tumanlari tibbiyot birlashmasining tugʻuruq boʻlimlari negizida tumanlararo perinatal markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Tez tibbiy yordam sifatini oshirish, oʻz vaqtida shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ham sezilarli oʻzgarishlarni davrning oʻzi talab qilmoqda. Hozir viloyat tez tibbiy yordam xizmatiga kuniga oʻrtacha 3200-3600 ta chaqiruv tushmoqda. Chaqirilgan joylarga darhol yetib borish, tez tibbiy yordam sifatini taʼminlash maqsadida avtomashinalar soni 3 barobar oshirilib, 135 tadan 394 taga yetkazildi. Dori-darmon va tibbiy buyumlarga ajratiladigan mablagʻ 12, har bir chaqiriqqa sarflanadigan pul miqdori 6 barobar koʻpaytirildi.
Shuningdek, aholiga ambulator va ixtisoslashtirilgan statsionar yordam koʻrsatuvchi xususiy tibbiyot muassasalari soni oʻtgan yilgiga nisbatan 60 ta koʻpayib, 612 taga yetdi. Aholining tibbiy xizmatdan muammosiz foydalanishi va rozi boʻlishi yoʻlidagi bunday ijobiy oʻzgarishlar uchun bor aql va kuchimizni ayamaymiz.