Xalq taʼlimi vaziri Namanganlik oʻquvchi-yoshlar bilan uchrashdi

    Ta'lim 17 Fevral 2021 1766

    Yurt ertasi, Vatan ravnaqi va istiqboli yoshlar bilan birga quriladi. Ularning taʼlim-tarbiyasi, hayoti va kamolotiga eʼtibor beqiyos ahamiyatga ega.

    Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston - maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan iborasi ham ana shunday eʼtiborni oʻzida mujassam etgan. Mamlakatimizdagi islohotlar va yangilanishlar jarayonida taʼlim sohasiga har qachongidan ustuvorlik berilmoqda.

    Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning Namangan yoshlari bilan viloyat madaniyat markazida boʻlgan uchrashuvida bugun sohada uchrayotgan muammolar, taʼlim-tarbiya jarayonlarining tashkil etilishi, sifat va samaradorlik, oʻquvchilarning fikr-mulohazalari, taklif va istaklari, intilishlari bilan yaqindan tanishish hamda ularni ijobiy hal qilish muloqot markazida boʻldi.

    Dolzarb masalalar muhokamasi bilan qizgʻin kechgan yuzma-yuz suhbatda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, viloyatdagi 220 nafar oʻquvchilar, oʻqituvchilar, taʼlim mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari qatnashishdi. Ochiq va samimiy ruhdagi uchrashuvda xalq taʼlimi vaziri Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelinayotgani, taʼlim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganini taʼkidladi.

    Namangan shahridagi 21-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Jobirxon Gʻaniyevning xalq taʼlimi vazirligi tizimida biznes va iqtisod yoʻnalishiga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil qilish taklifi boʻyicha viloyat markazida pilot tarzida biznes va iqtisod maktabi ochish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Oʻquvchilarning ijodiy qobiliyatlarini yana-da oshirish, ularni munosib ragʻbatlantirish maqsadida bir yillik ijodiy ishlarini yaxlit ensiklopediya yoki kitob holatda chop etib borishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan Norin tumanidagi 17-umumtaʼlim maktabi 7-sinf oʻquvchisi Dilnoza Komiljonovaning savoli boʻyicha vazir ijodkor oʻquvchilar oʻrtasida tanlov oʻtkazilishi, eng yaxshi natija koʻrsatgan oʻquvchilarning kitoblari nashr qilinishini bildirdi.

    Oʻquvchilar tomonidan xorijiy oliy oʻquv taʼlim muassasalariga kirish bilan bogʻliq masalalar, maktab oʻquvchilari uchun vazir stipendiyasi, OTMlarga talab etiladigan hujjatlarni tayyorlash uchun qulay boʻlgan onlayn pratforma yaratishga doir savollarga vazir tomonidan toʻliq va atroflicha javob qaytarildi.

    Muddatidan avval xorijiy oliy oʻquv yurtlari talabasiga aylangan 14 nafar oʻquvchi xalq taʼlimi vazirining qimmatbaho sovgʻalari va viloyat xalq taʼlimi boshqarmasining faxriy yorligʻi bilan, 3 nafar “USTOZ - 2020” tanlovi gʻoliblari, 8 nafar taʼlimda tashabbus koʻrsatgan oʻqituvchi “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, 3 nafar oʻqituvchi “Xalq taʼlimi fidoyisi” koʻkrak nishoni, bir nafari esa xalq taʼlimi vazirining faxriy yorligʻi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Tadbir soʻnggida viloyatdagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak aʼzolarining ijod namunalaridan iborat koʻrgazmalar, oʻquvchilar tomonidan sahnalashtirilgan qoʻgʻirchoq teatri tomoshalari namoyish etildi.

    Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati.