Xalq ta'limi vaziri ota-onalar va o‘qituvchilarga murojaat qildi

    Ta'lim 22 Yanvar 2022 1099

    Sizu bizning maqsadimiz Uchinchi Renessans ma’naviy poydevorini barpo etish ekan uning asosida o‘qib-o‘rganishdan, o‘z ustida muntazam ishlashdan charchamaydigan avlodni tarbiyalash yotadi.

    Har qanday yangilik negiziga o‘qib-o‘rganish orqali yetiladi va yangi g‘oyalarga zamin hozirlanadi. Buning uchun farzandlarimizda mutolaa madaniyatini shakllantirish zarurati ayonlashadi.

    To‘g‘ri, butun dunyo elektronlashib bormoqda. O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, bola kompyuter yoki telefon orqali asosan surat va filmlarni tomosha qiladi. Bular tabiiy va uning qiziqishini biz ham inkor etmaymiz. Lekin bolalarga dastlab darslikdan tashqari kitoblarni ham o‘qishga tavsiya qilishimiz zarur. Mutaxassislarning maslahat berishlaricha, farzandlarga kitobdan avval gazeta va jurnallar mutolaasini o‘rgatgan ma’qul ekan.

    Albatta, gazeta va jurnal, kitobga mehr o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Gazeta-jurnal mutolaasi bu nafaqat yangi bilimlar, balki yurtimizdagi o‘zgarishlar, dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning mohiyatini anglashga, eng asosiysi, yoshlarni tahlilga o‘rgatadi.

    Buning uchun oldimizda turgan vazifalarni belgilab olishni lozim topdik. Avvalo, muallimning o‘zi barchaga ibrat bo‘lib o‘zi uchun eng zaruriy nashrlarni o‘qib, yangi dars metodikalarini o‘rganib, tahliliy maqolalardan tegishli xulosalar chiqarib, o‘z ustida muntazam ishlashni yo‘lga qo‘yishi zarur. O‘qituvchilar bilim va malakasini oshirishida pedagogik nashrlarning o‘rni alohidadir.

    O‘zida shakllangan bu ko‘nikmani muallim o‘quvchilarining ota-onalariga “yuqtirish”ga harakat qilishi va o‘z farzandlari yoshiga munosib gazeta-jurnal sotib olib berishlarini targ‘ib etishi, alaloqibat, oilalar davrasida mutolaa soatlari tashkil qilinishini yo‘lga qo‘yishi kelgusida gazetxon, kitobxon insonlar ko‘payishini ta’minlaydi.

    Maktabda pedagog, uyda ota-ona bolani mutolaaga chorlasa, ko‘zlagan maqsadga oson erishish mumkin. Unutmaslik kerakki, bolani mutolaa bilan tarbiyalovchi ustoz yoki ota-onalarning o‘zi ham albatta yuksak tafakkur egasi bo‘lishi zarur.

    Bolani mutolaaga o‘rgatish uning dunyoqarashi kundan-kun kengayib borishini ta’minlaydi. Bu yo‘nalishda ularga turli ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan birgalikda bolalar nashrlari ko‘makka keladi. Mutolaa qilgan o‘smir tarixni, bugunni va kelajakni yaxshi idrok etadigan buyuk shaxs bo‘lib kamol topadi.

    Millatimiz kelajagi, Vatanimiz ertasi - keng tafakkurli yoshlar qo‘lida. Bugun mustaqil fikr-mulohaza yuritadigan, bilimdon, zukko, barkamol avlod - ertaga O‘zbekistonimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi, uni dunyoga tanituvchi komil inson bo‘lib yetishadi. Buning uchun, albatta, o‘g‘il-qizlarning bilim olishiga, dunyoqarashini kengaytirishga ularning kichik yoshidanoq e’tibor qaratish lozim.

    Xalq ta’limi vazirligi muassisligidagi “Ma’rifat”, “Учитель Узбекистана”, “Tong yulduzi”, “Класс” gazetalari, “Xalq ta’limi”, “Xalq ta’limi axborotnomasi”, “Boshlang‘ich ta’lim”, “Til va adabiyot ta’limi”, “Gʻuncha”, “Gulxan” jurnallariga o‘zi istab obuna bo‘layotgan o‘qituvchi va o‘quvchilar soni ham kamayib ketdi.

    Bugungi kun o‘qituvchi va o‘quvchilari o‘z xohishi bilan gazeta sotib olishi, ma’naviy olamini boyitishi, dunyoqarashini kengaytirishi o‘ta muhim masaladir. Zero, nafaqat mavjud darslik hamda qo‘llanmalar, balki gazeta va jurnallar orqali bolalarga, bolalar orqali esa ularning oilasidagi kattalarga ziyo tarqatish XALQ TA’LIMI degan nomga munosibdir.

    Buyuk mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganidek, “Muallim va muharrir – millatning ikki ko‘zidir”.