Davlatimiz rahbarining yaqinda Toshkent viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlariga muvofiq, poytaxtga chegaradosh hududlardagi maktablarda taʼlim sifatini oshirish orqali oʻquvchilarning bir necha kilometr uzoqlikdagi shahar maktabiga borib oʻqish muammosi hal etilishi bilan birga Toshkent shahri maktablarida oʻquvchilar sonining keskin oshib ketishi oldi olinadi.
Vazirlik ishchi guruhi Zangiota tumanidagi 35 va 6-sonli “toʻq qizil” maktablarda boʻlib, pedagogik jamoa bilan suhbatlashdi.
35-sonli maktab oʻtgan yili mukammal taʼmirdan chiqarilgan, barcha sharoitlar yaratilgan, zamonaviy kompyuter sinfiga ega, oʻquvchilar bir navbatda taʼlim oladi, lekin taʼlim sifati koʻrsatkichlari past, oʻtgan oʻquv yilida birorta ham bitiruvchisi oliy taʼlim muassasasiga kira olmagan, mahoratli pedagoglar, oliy toifali oʻqituvchilar yetarli emas. Shu bois, maktab maʼmuriyati toʻliq yangilanib, yaqinda maktab direktori va uning oʻrinbosarlari almashtirilgan.
Shuningdek, tumandagi 6-sonli maktabda ham sharoitlar yetarli, lekin taʼlim sifati koʻrsatkichlari boʻyicha natijalari qoniqarsiz.
Har ikkala maktabda ham ikkinchi navbatda xonalar boʻsh boʻlishiga qaramasdan, darsdan keyingi vaqtlarda oʻquvchilar bandligini taʼminlash ishlari, toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan, informatika xonasi, kutubxonalardan foydalanilmaydi.
Pedagogik jamoa bilan suhbat jarayonida har bir oʻqituvchi oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashib, sifatli taʼlim bermasa, bitiruvchilarning muvaffaqiyati, oliy maʼlumotli boʻlishi yoki biror-bir kasb-hunarga yoʻnaltirmasa, ijobiy oʻzgarish boʻlmasligi haqida ogohlantirildi.
Shuningdek, Yangiyoʻl tumanining chekka hududlaridan birida “Xoʻjaobod” mahallasida joylashgan 32-sonli maktabga kelgusi yilda qoʻshimcha oʻquv binosi qurish boʻyicha Investitsiya dasturiga kiritish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berildi.