Sir emaski, xalq ta’limi tizimi ham bundan mustasno emas. Ya’ni, xalq ta’limi tashkilotlari, muassasalarida ham moliyaviy xato-kamchiliklar doimiy kuzatiladi. Kamida oylikni o‘z vaqtida olmagani yoki ustamasi noto‘g‘ri hisoblangani to‘g‘risida shikoyatlar tushadi. 

Tizimda faoliyat olib borayotgan moliya-buxgalteriya xodimlari o‘z xizmat vakolatlarini bilib bilmasdan yoki ko‘r-ko‘rona byudjet ta’minotini samarasiz yo‘naltirish, yillik xarajatlar smetasini noto‘g‘ri taqsimlash, tizimga ajratilgan mablag‘larni talon-taroj qilish, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish, moddiy-texnik bazani saqlashdagi mas’uliyatsizlik va shu kabi muammolar ularning moliyaviy, huquqiy savodxonligini takomillashtirishni taqozo etmoqda. 

Ya’ni, muammoning kelib chiqishi moliyaviy savodxonlikka borib taqalmoqda. Bu degani yuqorida aytilganidek, ba’zi holatlarda moliyachilar tushunmagan holda ham xatoga yo‘l qo‘ygan.

Demak, muammoga yechimni qayerdan boshlash kerak? 

Xalq ta’limi vazirligi bu muammolar yechimiga yangicha yondashuv qilmoqda. Ya’ni, xalq ta’limi tizimidagi hisobchilarni moliyaviy savodxonlikka o‘qitishni ilgari surmoqda.

Yangi yildan boshlab, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutining "Uzluksiz kasbiy ta’lim" onlinedu.uz platformasi orqali tizim buxgalterlarining uzluksiz malaka oshirishi yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda avvalo, so‘rovnomalar, savollar va testlar orqali buxgalterlarning bilim ko‘nikma va malakalari aniqlanib, shunga ko‘ra talab ehtiyojidan kelib chiqib dasturlar, kontentlar tayyorlanadi. 

Tizimdagi barcha hisobchilar esa maxsus kontentlar joylashgan platforma orqali qayta o‘qitilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu kurslarda moliyaviy tartiblardagi yangilik va  o‘zgarishlar, oylik maoshini to‘g‘ri hisoblash yoki yangi kiritilgan kriteriya bo‘yicha ustama hisoblashdagi kabi bilim-ko‘nikmalarga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. 

Bu qadam tizimdagi moliyaviy muammolar yechimida ozmi ko‘pmi o‘z natijasini ko‘rsatishi kutilyapti.

Kursdan keyin moliya-buxgalteriya xodimlari test sinovdan o‘tkazilib, kasbiy layoqati bo‘yicha Sertifikat berish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.

 Xalq ta’limi vazirligi

Axborot xizmati