Xalq taʼlimi vazirligi oʻquv yilini boshlash boʻyicha uchta ssenariy ustida ish olib bormoqda

    Ta'lim 30 Iyul 2020 3375

    Bugungi kunda Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻquv yilini qay tarzda boshlash ustida oʻrganishlar olib bormoqda.

    Xalq taʼlimi vazirligi oʻz vakolatidan kelib chiqib oʻquv yilini boshlash boʻyicha 3 ta ssenariy ustida ish olib bormoqda:

    1-ssenariy: Pandemiya holati barqarorlashib, maktablar odatiy tartibda oʻz faoliyatini boshlaydi. Bu vazirlik va oʻquvchilarimiz uchun eng maqbul variant. Xalqaro tajriba maktab yoshidagi bolalarga kasallik kam holatda yuqishini, ulardan kattalarga yuqish xavfi ham kamligini koʻrsatmoqda.

    2-ssenariy: Sogʻliqni saqlash vazirligining Oʻzbekistonda bolalarda virus kechishi boʻyicha xulosasi ijobiy boʻlmagan taqdirda taʼlim onlayn tartibda davom ettirilishiga toʻgʻri kelishi mumkin.

    3-ssenariy: Gibrid ssenariy boʻlib, maktablar ochiladi. Maktablar ham sinf tizimiga oʻtkaziladi. Faqat maʼlum bir hudud, maktab holatidan kelib chiqib, oʻquvchilarning onlayn darslarda yoki maktabdagi darslarda bilim olishi davom ettiriladi.

    Bunda, dastlabki bosqichda farzandi salomatligidan xavotir olgan ota-onalarga bolani uyda onlayn oʻqitishga imkon berilishi koʻzda tutiladi, yaʼni davomat erkin boʻladi, oddiy darsda yoki onlayn dars orqali qatnashsa ham boʻlaveradi.

    Yakuniy xulosa Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan eʼlon qilinadi.

    Shu oʻrinda aytish joizki, karantin qoidasi oʻzgarishidan qatʼiy nazar vazirlik tomonidan onlayn maktab loyihasi davom ettirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha bolaning maktabdan tashqari olgan bilimini uyga kelib mustahkamlash, oʻqituvchilarga esa malakali hamkasblarining mahorat darslarini olish uchun doimiy imkoniyat maydoni boʻlib xizmat qiladi.