Xalq taʼlimi vazirligi xizmat safarlari uchun xodimlari qancha mablagʻ sarflaganini maʼlum qildi

    Moliya 12 Iyul 2021 1053

    Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq rasmiy saytida xodimlarning xizmat safarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilmoqda.

    Joriy yilning dastlabki yarim yilligida joylarda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, taʼlimni rivojlantirish istiqbollarini oʻrganish maqsadida hamda Respublika ishchi guruhlari tarkibida Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati hamda markaziy apparatining mutaxassis xodimlari 267-marta Respublikaning turli hududlariga xizmat safarlarini amalga oshirgan.

    Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur safarlar uchun 395,5 mln. soʻm miqdorida xarajat qilingan, deya xabar beradi vazirlikning axborot xizmati.

    Aytish joizki, xizmat safarlarii doirasida maktablarda yaratilgan sharoitlar, taʼlim sifati, maktablarda taʼlim darajasini oshirish, taʼlim muassasalarining yer maydonlari va daxlsizligi, ulardan unumli foydalanish, maktab binolarini soz holatda saqlash kabi masalalarga eʼtibor qaratilgan.