Xalq ta’limi vazirligida konstitusiyaviy qonun loyihasi muhokamasi o‘tkazildi

    Xalq ta’limi vazirligi markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va o‘qituvchilari ishtirokida “Konstitusion islohotlar” mavzusida muhokama-munosabat tadbiri o‘tkazildi.

    Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda Bosh qomusimizga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ahamiyati, dolzarbligi haqida so‘z yuritildi.

    Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi spikeri o‘rinbosari, XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Konstitusiyamizga kiritilishi kutilayotgan har bir o‘zgartirishlarni batafsil tahlil qilib berdi.

    Yig‘ilishda Konstitusiyaviy o‘zgarishlarga befarq bo‘lmagan 60 mingdan ortiq xalq ta’limi sohasi xodimlaridan yuborilgani va ilgari surilganligi qayd etildi.
    Aytish joizki, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ham Konstitusiyaga bir nechta takliflar kiritilgan. Ushbu takliflarning bir nechtasi inobatga olinganligi davlatimizning Xalq ta’limi tizimiga bo‘lgan yuksak e’tiborining nishonasi sanaladi.

    Xususan, Konstitusiyaning 41-moddasiga qo‘shimcha sifatida pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ularning xizmat majburiyatlarini bajarishga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmasligini belgilovchi normalarning kiritilishi bugungi kunda pedagog xodimlarimizning erkin pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun zamin yaratadi.

    Shuningdek, 64-moddaga qo‘shimcha sifatida ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’limi, sog‘lig‘i, to‘laqonlik va uyg‘un kamol topishi to‘g‘risida qayg‘urishi shartligi yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Konstitusiyaviy komissiya tomonidan aholi fikri va takliflarini qabul qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Natijada, yurtimizda olib borilayotgan Konstitusiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etmoqda.