Xalq taʼlimi vazirligi va YUNISEF xalqaro tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda xalq taʼlimini rivojlantirish strategiyasini belgilash, unda xalqaro tashkilotlarning oʻrni va imkoniyatlarini aniqlash, Taʼlim boʻyicha global hamkorlik fondi (GPE) homiyligida tizimda olib borilayotgan islohotlar sarhisobi hamda Xalq taʼlimini rivojlantirishning 5 yilga moʻljallangan dasturini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Britaniya kengashi, Amerika kengashi, UNESKO, UNISEF, JICA, KOICA kabi xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda taʼlimga yangi metodikalarni joriy etish, maktab uchun oʻqitishning zamonaviy metodikalarini ishlab chiqish hamda xorijiy mutaxassislarni maqsadli malaka oshirish kurslari uchun kontent yaratish va dars berishga jalb qilish, taʼlim sifatini oshirish masalalarida oʻrinli takliflar bildirildi. 

Shuningdek, maktablarda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning sifat tarkibini yaxshilash va ularning doimiy malakasini oshirish, ular uchun uzluksiz metodik yordam koʻrsatish tizimini joriy etish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.