Xalqaro ishlar va parlamentlaroaro aloqalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Q. Joʻrayev mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, mazkur uchrashuv ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichida muhim oʻrin tutishi, ayniqsa, parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, 2016-yil 4-dekabrdagi Prezident saylovidan soʻng oʻtgan besh yil mobaynida xalqimiz, mamlakatimiz hayotida, jamiyatimizda, milliy saylov qonunchiligida boʻlgan ulkan oʻzgarishlar haqida soʻzlab berildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va saylov qonunchiligiga saylov jarayonini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish boʻyicha oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilgani, parlament va siyosiy partiyalar oʻrnining qonuniy jihatdan kuchaytirilgani taʼkidlab oʻtildi.
Oʻz navbatida, O.Mesten saylovning konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga muvofiq Saylov kodeksi asosida oʻtganligini qayd etdi.
Uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik shaklida sezilarli darajada rivojlanib borayotgani, Oliy va yuqori darajadagi xususan, parlamentlar, vazirliklar va idoralar, shuningdek mintaqalar oʻrtasidagi aloqalar sezilarli darajada jonlanib, muntazamlik kasb etib borayotgani taʼkidlandi.
“Oʻzbekiston-Turkiya” parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyati va uning doirasida amalga oshirilayotgan qator ijobiy ishlar ikki davlat oʻrtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashning ahamiyati katta ekanligi qayd etildi.
Muloqot chogʻida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligi taʼkidlandi. Zotan, aynan parlamentlararo aloqalar ikki tomonlama hamkorlikni barcha sohalarda yanada kengaytirish uchun xalqaro shartnomalarni tezkor ravishda ratifikatsiya qilishda muhim rol oʻynaydi.
Uchrashuv davomida hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida tajriba almashish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.