Xalqaro anjuman yosh olimlar uchun imkoniyatlar maydoniga aylandi

    Qarshi davlat universiteti xalqaro konferensiyaning doimiy tashkilotchilari roʻyxatiga kiritildi.

    Qarshi davlat universitetida “Axborot texnologiyalari va matematik modellashtirish” mavzuida XXI Xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjuman Qarshi davlat universiteti, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti, Rossiya FA Boshqaruv muammolari instituti, Tomsk davlat universiteti va OʻzR FA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

    Konferensiya doirasida “Zamonaviy stoxastik modellar va aktuar matematika muammolari” (Modern stochAstic Models & probleMs Of actuarial maTHematics: MAMMOTH – 2022) Xalqaro simpoziumi hamda “Oliy taʼlim dasturlarida end-to-end raqamli texnologiyalar” davra stoli tashkil etildi.

    Bundan maqsad, ehtimollar nazariyasi va ularning tatbiqlari, axborot va telekommunikatsion texnologiyalari, matematik modellashtirish, sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot va boshqa ilmiy tadqiqotlarning eng ustivor yoʻnalishlarini aniqlashda Rossiya universitetlari hamda Oʻzbekiston matematika jamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirish, toʻplangan tajribalar boʻyicha fikr almashish va umumlashtirishdan iborat.

    Anjumanda yurtimiz oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari bilan bir qatorda, Italiya, Hindiston, Rossiya, Gruziya va Belarus kabi davlatlarning yetakchi olimlari, professor-oʻqituvchilari, soha mutaxassislaridan iborat 250 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

    — Konferensiya yosh izlanuvchilar, olimlar uchun imkoniyatlar maydoniga aylanadi, — deydi Qarshi davlat universiteti Algebra va geometriya kafedrasi mudiri, tashkiliy qoʻmita hamraisi Aʼzam Imomov. — Boisi, anjumanda xalqaro doirada ilmiy izlanishlar olib borayotgan xorijlik olimlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatiladi. Shuningdek, xalqaro tan olingan bazalarda ilmiy maqolalar toʻplami chop etiladi. Ishonamizki, ushbu konferensiya Qarshi davlat universitetining ilmiy salohiyatini jahon miqyosida tan olinadigan reytinglarga olib chiqishda navbatdagi muhim qadam boʻladi.

    Ahamiyatlisi, Qarshi davlat universiteti ushbu konferensiyaning doimiy tashkilotchilari roʻyxatiga kiritildi. Tomsk davlat universitetida faoliyat koʻrsatayotgan Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tarkibiga universitet professor-oʻqituvchilarini kiritish masalasi koʻrib chiqilishi, shuningdek, yaqin 2-4 yil ichida QarDU 2 nafar tadqiqotchisining dissertatsiyalari himoyasini Tomsk davlat universitetida oʻtkazilishi boʻyicha kelishuvga erishildi. Italiyaning Piza universiteti va QarDU oʻrtasida ikki tomonlama anglashuv memorandumini tayyorlash jarayoni boshlanganligi maʼlum qilindi.