Xalqaro ekspertlar ilk bor “Ishga marhamat” monomarkazi bitiruvchilariga mahorat pasportlarini topshirdi

    14-16-iyun kunlari BMT Taraqqiyot dasturi administratori yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturi Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'ldi.

    Maqsad BMT Taraqqiyot dasturi va Hukumat o'rtasidagi hamkorlikning yangi yo'nalishlarini aniqlash, milliy hamkorlar bilan uchrashuvlar o'tkazish, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining COVID-19 pandemiyasi sharoitida O'zbekistonda ijtimoiy yo'naltirilgan, yashil va barqaror rivojlanishga ko'maklashish masalalarini muhokama qilishdan iborat edi.

    Tashrif doirasida Miryana Spolyarich Egger “Ishga Marhamat” monomarkazida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari Erkin Muxitdinov bilan uchrashdi. Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining qo'shma loyihalari donorlari, Yaponiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama va Rossiya Federatsiyasining O'zbekiston Respublikasidagi elchixonasi maslahatchisi Vadim Mitrofanov qatnashdilar.

    Uchrashuv davomida qo'shma hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, joriy yilning 24-may kuni Namangan shahrida ishga tushirilgan yangi “Farg'ona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining ko'nikmalarini moslashtirish” loyihasining natijalariga alohida to'xtalib o'tildi.

    Muzokaralar chog'ida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari Erkin Muxitdinov yangi loyiha Hukumat tomonidan Farg'ona vodiysida pandemiyadan keyingi davrda kasbiy tayyorgarlik va aholining malakasini oshirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashi kerakligini ta'kidladi.

    Shuningdek, tadbirda “Ishga Marhamat” monomarkazining kasb-hunarga o'qitish kurslarini tamomlagan va milliy ekspertlar tomonidan mustaqil ravishda baholangan 14 nafar bitiruvchilariga xalqaro standartlarga muvofiq mahorat va malakani tasdiqlovchi “skills pasport”lar topshirildi. Dastur bitiruvchilarining umumiy soni 14 yo'nalish bo'yicha 169 kishini tashkil etdi.

    Mehmonlar uchun Monomarkaz bo'ylab ekskursiya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining “O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish” loyihasi doirasida Yaponiya hukumatining moliyaviy ko'magida tikuvchilik, dasturiy ta'minot va estetik kosmetologiya yo'nalishlari baholash xonalari uchun sotib olingan uskunalar taqdimoti ham o'tkazildi.