Xalqaro eʼtirof: Oʻzbekiston asr chorlovlariga shay yoshlarni tarbiyalashiga ishonamiz

    Oʻzbekiston intellektual odamlar, iqtidorli yoshlar mamlakati sifatida ham dunyoga tanilmoqda. Intellektual rivojlanishga esa turli omillar, vositalar sababchi boʻladi. Ulardan biri — shaxmat.

    Davlatimiz rahbarining mamlakatda shaxmatni rivojlantirishga qaratayotgan alohida eʼtibori ham ana shu maqsad-muddaoni koʻzlagani bilan ahamiyatlidir. Prezidentimizning 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada mutlaqo yangi bosqich, yangi tizimni boshlab berdi. Bu qaror xalqaro hamjamiyat, xususan, shaxmat mutaxassislarida ham katta qiziqish uygʻotyapti, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasiga dunyodagi nufuzli shaxmat tashkilotlaridan iliq munosabatlar kelib tushmoqda. Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi bilan hamkorlikda ularning ayrimlarini eʼtiboringizga havola qilyapmiz.

    Arkadiy DVORKOVICH, Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti:

    — Oʻzbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki butun dunyoda shaxmat jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biri boʻlib, bu Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan izchil siyosat natijasidir. Mamlakatingizda Shaxmatni 2025-yilgacha rivojlantirish dasturining qabul qilinishi Xalqaro shaxmat federatsiyasining “Maktablarda shaxmat” loyihasi tamoyillariga toʻla mos keladi va dunyodagi eng istiqbolli dastur hisoblanadi. Bu, hech shubhasiz, xalqingizning intellektual salohiyati yuksalishi kafolati boʻlib xizmat qiladi.

    Shayx Sulton Bin Xalifa Al Nahayon, Osiyo shaxmat federatsiyasi prezidenti:

    — Keyingi yillarda Oʻzbekiston shaxmatchilari ham jamoaviy, ham yakkalik bahslarda yaxshi natijalarga erishmoqda. 2016-yilda maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi jahon chempionatida, 2018-yilda Jahon shaxmat olimpiadasida birinchi oʻrinni egallashdi, shuningdek, Osiyo chempionatida olgan medallar soni ham yil sayin ortyapti. Bu Oʻzbekistonda isteʼdodli yosh shaxmatchilarning yangi avlodi paydo boʻlayotganidan dalolat. Osiyo shaxmat federatsiyasi homiyligida Oʻzbekistonda koʻplab Osiyo chempionatlari va xalqaro hakamlar seminarlari tashkil qilingan. Bundan keyin ham biz oʻzbekistonlik hamkasblar bilan hamkorlikda faol ishlashda davom etamiz.

    Viktor VAYPAN, Shaxmat federatsiyalari uyushmasi prezidenti, Moskva davlat universiteti prorektori:

    — Oʻzbekiston hukumati tomonidan shaxmatni rivojlantirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar nafaqat mamlakatda bolalar, oʻsmirlar va yoshlar vaqti mazmunli oʻtishini taʼminlaydi, balki, hech shubhasiz, mamlakat shaxmat federatsiyasining xalqaro reytingiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shaxmat intizomli, intellektual oʻyin sifatida tafakkurni yuksaltiradi, diqqatni jamlashga koʻmaklashadi, fikrni teranlashtiradi, xotira oʻtkirligi va qatʼiyatni rivojlantiradi. Oʻz navbatida, davlatlararo munosabatlarda ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydi. Shaxmat federatsiyalari uyushmasi shaxmat oʻyinini ommalashtirish boʻyicha Oʻzbekistonda qabul qilingan dasturni qoʻllab-quvvatlaydi. Uni amalga oshirishda ham bevosita ishtirok etishga tayyormiz.

    Kanada Milliy akademik shaxmat tashkiloti:

    — Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxmatni rivojlantirishga doir qarori sevimli oʻyinimizni qoʻllab-quvvatlashning himmatli va oqilona yoʻli boʻldi. Oʻzbekiston minglab yoshlar oʻrtasida sportning intellektual turini targʻib qilgan holda, Markaziy Osiyoda shaxmat boʻyicha oʻta qudratli davlat boʻlishga va XXI asr chorlovlariga shay yoshlarni tarbiyalashga tayyor ekaniga ishonamiz. Shu maʼnoda, biz Oʻzbekistondan koʻp narsa oʻrganish mumkin, deb hisoblaymiz.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Ulugʻbek ASROROV tayyorladi