Bu voqeani navbatdagi xalqaro mukofot sifatida qabul qilish masalaning mazmunini toraytirib qo‘yadi. 1977-yili ta’sis etilgan ushbu medal ochlikka barham berish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va qishloq taraqqiyotiga amaliy hissa qo‘shgan davlat hamda jamoat arboblariga beriladi.

Turli yillarda ushbu yuksak mukofot jahonning taniqli davlat arboblariga topshirilgan. Uning so‘nggi yillardagi sohiblari qatorida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va Iordaniya podshosi Abdulla II bor. Ularning har biri oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, agrooziq-ovqat tizimlarini yangilash, fermerlar farovonligini oshirish hamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivoj­lantirishga qo‘shgan hissasi uchun ushbu e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Medalning old tomonida taqdirlangan shaxsning nomi va qiyofasi, orqa tomonida esa hayotiy tamoyili aks etadi. Shuningdek, medalga “Bor kuch-g‘ayratimiz, bilim va salohiyatimizni xalqimizning baxt-saodati yo‘lida bag‘ishlash ulkan sharafdir” degan so‘zlar bitilgan. Bu ibora so‘nggi yillarda agrar sohadagi islohotlarning mazmuniga juda mos keladi. Chunki yer, suv, ilm va davlat boshqaruvidagi har bir o‘zgarish oxir-oqibat odamning dasturxoni, daromadi va ertangi kunga ishonchida ko‘rinishi kerak.

E’tirofning asosi

FAO Bosh direktori Syuy Dun’yuy medalni shaxsan topshirar ekan, Prezidentimiz bilan bir stol atrofida kechgan ochiq muloqotda “Siz haqiqiy yetakchisiz, jahon yetakchisisiz va eng muhimi, tinchlikparvarsiz”, deya ta’kidladi.

U FAOning maxsus tahlil guruhi O‘zbe­kiston rahbarining faoliyati, islohotlari va ularning natijalarini uzoq vaqt o‘rganib, shundan keyingina ushbu xulosaga kelganini aytdi. Demak, qaror bir kunlik taassurot yoki marosim munosabati natijasi emas. U uzoq muddatli kuzatuv, taqqoslash va aniq natijalarga tayangan xalqaro bahodir.

Muloqot chog‘ida Prezidentimiz qish­loq xo‘jaligining asosiy mezoni bozor ekanini ta’kidladi. Oziq-ovqat mahsulotlarining bozordagi narxi aholi turmushiga va inflyatsiya darajasiga bevosita ta’sir qiladi.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, inflyatsiya boylardan ko‘ra kam ta’minlangan aholi yelkasiga og‘ir tushadigan katta bosimdir. Shuning uchun bu masala kun tartibining ustuvor vazifasi ekanini alohida ta’kidlar ekan, Prezidentimiz har tong ishni bozorlardagi oziq-ovqat narxini tekshirishdan boshlashini aytdi. Bosh vazir bo‘lib ishlagan davrida ham shu tartibga amal qilgan va xalq uchun yetarli oziq-ovqat yetishtirishni ustuvor vazifa deb bilgan.

Syuy Dun’yuy bu yondashuvni yuksak baholab, ushbu tajribadan davlat rahbarlari bilan birga hukumat va tarmoq rahbarlari ham o‘rnak olishi kerakligini ta’kidladi. Bu kundalik odat emas, inson manfaatini boshqaruvning birinchi o‘rniga qo‘yadigan rahbarlik madaniyatidir.

FAO hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda to‘yib ovqatlanmaslik darajasi 2000-yilda qariyb 20 foiz bo‘lgan. So‘ng­gi o‘n yilda esa bu ko‘rsatkich 3 foizdan past darajada saqlanmoqda. Bir qarashda bu bitta raqam. Aslida, uning ortida g‘alla yetishtirish, meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qayta ishlash, bozor infratuzilmasi va aholi daromadini oshirishga qaratilgan katta tizim turibdi.

Bu natijani kambag‘allikni qisqartirish siyosatidan ajratib bo‘lmaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yilda 35 foiz bo‘lgan kambag‘allik darajasi 2026-yilda qariyb 4 foiz, eng so‘nggi hisobda esa 3,9 foiz pasaydi. Muhtoj aholi soni yil boshidagi 2,2 milliondan 1,5 millionga kamaydi. Bu shunchaki statistik tushish emas, balki millionlab oilalarning daromadi, oziq-ovqat olish imkoniyati va kelajakka ishonchi yaxshilanganini anglatadi. Keyingi bosqichda kambag‘allikni yanada qisqartirish, jumladan, ayrim hududlarda uni 2 foizgacha tushirish vazifasi qo‘yilmoqda.

Bandlik siyosati ham ushbu natijaning muhim qismidir. 2025-yilda 5 million odam daromad manbaiga ega bo‘ldi. Ishsizlik 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi hamda islohotlar boshlangan davrdagiga nisbatan qariyb ikki karra qisqardi. 2026-yil uchun 1 million kishini doimiy ish bilan ta’minlash vazifasi belgilandi. Yilning qolgan qismida yana 350 ming kishiga doimiy ish o‘rni ochish, 1 mil­lion odamning daromadini oshirish va

230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish choralari belgilangan. Qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash, xizmat ko‘rsatish va mahalla tadbirkorligi — bu jarayonning asosiy omillari. Shu ma’noda, “Agricola” medali faqat agrar ishlab chiqarishga emas, balki mehnat, daromad va inson farovonligini bir tizimda oshirishga qaratilgan ishlarning xalqaro e’tirofi.

Shuning uchun “Nega aynan O‘zbekis­ton?” degan savolga javobni medalning o‘zida emas, mamlakatdagi o‘zgarishlarda ko‘rish kerak. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston Prezidentiga berilgan ushbu mukofot oziq-ovqat xavfsizligi, qish­loq va suv xo‘jaligidagi tashab­buslar, mintaqaviy hamkorlik va islohotlarning amaliy natijalariga berilgan bahodir.

Tinchlik va ochiqlikdan boshlangan agrar taraqqiyot


Qishloq xo‘jaligidagi natijani faqat dalada boshlangan jarayon deb tushunish to‘g‘ri emas. Daladagi baraka ko‘p jihatdan mamlakatdagi tinchlik, qo‘shnilar bilan ishonch, ochiq chegaralar, savdo yo‘llari va odamlarning erkin harakatiga bog‘liq. Prezidentimiz rahbarligida Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va amaliy hamkorlikka asoslangan yangi muhit shakllandi. Yillar davomida to‘plangan masalalar muloqot orqali hal etila boshladi. Savdo, transport, suv, urug‘chilik, veterinariya va fitosanitariya masalalari bo‘yicha hamkorlik uchun yangi eshiklar ochildi.

Tinch va o‘zaro ishonchga asoslangan mintaqa dehqon uchun ham katta bozor demakdir. Bir mamlakatdagi urug‘, texnologiya yoki mahsulot ikkinchi mamlakatga osonroq yetadi. Qurg‘oqchilik, kasallik yoki bozordagi uzilishlar yuz berganda qo‘shnilar bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu ma’noda, Prezidentimizning mintaqada tinchlik va yaqinlikni mustahkamlash siyo­sati oziq-ovqat xavfsizligining ham muhim poydevori bo‘ldi.

Islohotlar laboratoriyasi

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi katta tajriba maydoniga aylandi. Davlat buyurtmasiga qattiq bog‘langan eski tizimdan bozor munosabatlariga o‘tish, fermerga erkinlik berish, klaster va kooperatsiya mexanizmlarini joriy etish, yer va suv hisobini raqamlashtirish, ilmni dalaga yaqinlashtirish, qayta ishlash va eksportni kengaytirish bir vaqtning o‘zida bajarildi. Hamma yechim birdan mukammal bo‘lib qolmadi. Ammo islohotning eng muhim xususiyati shundaki, muammo yashirilmadi, tajribadan o‘tkazildi. Natija baholandi va zarur joyda yondashuv o‘zgartirildi.

Bu jarayonni “tirik laboratoriya” deb atash mumkin. Laboratoriyada g‘oya sinovdan o‘tadi. Dalada esa g‘oyani tabiat, fermer, bozor va vaqt sinaydi. O‘zbekistondagi islohotlar ana shu to‘rt sinovdan o‘tmoqda. Shu bois, mamlakat tajribasi faqat milliy ahamiyatga ega emas, balki suvi cheklangan, iqlimi quruq, aholisi o‘sib borayotgan va dengizga chiqish imkoniyati chegaralangan ko‘plab davlatlar uchun ham amaliy ahamiyat kasb etadi.

Oziq-ovqat xavfsizligining birinchi ramzi non bo‘lsa, asosi bug‘doydir. So‘nggi mavsumlarda navni to‘g‘ri joylashtirish, urug‘ sifatini yaxshilash, tuproq va suvni boshqarish, oziqlantirish hamda urug‘ni sovuqda chiniqtirish kabi agrotexnologiyalar sinovdan o‘tkazildi. 2026 yilgi milliy tahlilga kiritilgan, taqqoslanadigan maydonlarda o‘rtacha hosildorlik gektariga 97,8 sentnerga yetdi. Bu natija yaxshi genetika va to‘g‘ri agronomiya birga qo‘llanganda cheklangan yerdan ko‘proq hosil olish mumkinligini ko‘rsatdi.

Meva-sabzavotchilik va bog‘dorchilikda ham shu mantiq ish bermoqda. Intensiv bog‘lar, tomchilatib sug‘orish, zamonaviy ko‘chatchilik, zararkunanda va kasalliklarni monitoring qilish, sovitish, saralash, qadoqlash va eksport talablariga moslashish yaxlit tizimga aylanmoqda. Bog‘ endi faqat hosil beradigan maydon emas, balki seleksiya, suv tejamkorligi, fitosanitar xavfsizlik, qayta ishlash va bozorni birlashtiradigan qiymat zanjiridir.

Sabzavot, meva, kartoshka, poliz, go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlaridagi o‘sish dasturxonimizni boyitdi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydon 2016 yildagi 9000 gektardan 2026 yilga kelib 2,6 million gektarga yetdi. Bu o‘zgarishning mohiyati oddiy: tejalgan har tomchi suv yangi hosil, yangi daromad va kelajak uchun saqlangan imkoniyatdir.

Xavfsizlikka daxldor masala

Shu yil 7-oktabr kuni Toshkentda Butunjahon paxta kuni o‘tkazildi. Paxta oziq-ovqat ekini emas, ammo u 80 ga yaqin mamlakatda ulkan yer, suv, mehnat va moliya­viy resurslarni band qiladi. Agar bir tonna paxtani yetishtirish uchun ortiqcha maydon, suv va xarajat sarflansa, boshqa ekinlar uchun imkoniyat qisqaradi. ­Paxta hosildorligi oshirilib, kamroq yer va suv bilan ko‘proq tola olinsa, oziq-ovqat ekinlari uchun maydon va resurs bo‘shaydi.

O‘zbekistonning so‘nggi paxtachilik tajribasi shuning uchun jahonshumul ahamiyatga ega. 2021-2025-yillarda paxta maydoni 1 million 31 ming gektardan 875,6 ming gektarga kamaydi. Shu davrda umumiy hosil 19,3 foiz o‘sib, 3,99 million tonnaga yetdi. O‘rtacha hosildorlik gektariga 3,24 tonnadan 4,55 tonnaga, ya’ni 40,4 foiz oshdi. Qisqacha aytganda, paxtachilik “ko‘proq maydon” usulidan “ko‘proq bilim va samara” usuliga o‘tmoqda.

Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlangan tadbirning ochilish marosimida Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi (ICAC) ijrochi direktori Erik Traxtenberg ­O‘zbekiston paxtachiligidagi o‘zgarishlarni yuksak baholadi. U Braziliya, Xitoy va boshqa yirik paxtachilik mamlakatlarida hosildorlikni oshirish va ishlab chiqarishni intensivlashtirish modeli ko‘p yillar davomida bosqichma-bosqich shakllangani, O‘zbekiston esa juda qisqa muddatda maydonni qisqartirgan holda hosildorlik va qo‘shilgan qiymatni keskin oshirganini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday tez o‘zgarish mamlakat rahbariyati boshlagan islohotlarning qat’iyati va amaliy natijasini ko‘rsatadi. Shu ma’noda, u Prezidentimizni “Agricola” medali bilan tabriklab, bu e’tirofni nafaqat paxtachilikdagi, balki butun agrar tarmoqdagi yangilanishlar bilan bog‘ladi.

Erik Traxtenberg O‘zbekistonda paxta dalalari va klaster korxonalarida bo‘lib, mexanizatsiyalashgan terim jarayonida shaxsan qatnashganini qayd etdi. U daladan boshlangan jarayonning kalava ip, mato, dizayn va tayyor kiyimgacha davom etadigan yaxlit qiymat zanjiriga aylanganini alohida e’tirof etdi. Paxtadan kamroq yer va suv hisobiga ko‘proq mahsulot olish oziq-ovqat ekinlari uchun resurs bo‘shashiga xizmat qiladi. Shu bois, paxta intensivlashuvi tola va eksport masalasigina emas, balki oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qiladigan yechim hamdir. G‘o‘zapoyani biocharga aylantirish esa paxtani chiqindisiz, uglerodni tuproqda saqlaydigan va sayyoramizni asrashga hissa qo‘shadigan ekinga aylantirish imkonini beradi. ICAC O‘zbekiston bilan ushbu yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Bu natija bitta preparat yoki bitta qaror samarasi emas. Urug‘chilikni yangilash, ertapishar va iqlimga mos navlar, dunyo paxtachiligidagi biotexnologik yutuqlar, 76 santimetrli ekish tizimi, tomchilatib sug‘orish va fertigatsiya, o‘simlik arxitekturasini boshqarish, uch bosqichli pishib yetilish dasturi, mexanizatsiya va dalani toza saqlash bir-­birini to‘ldirdi.

2026-yilda 889,5 ming gektardan 4,5 million tonna paxta olish va o‘rtacha hosildorlikni gektariga 5,1 tonnaga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Ayrim fermerlar gektaridan 100 sentnergacha hosil olayotgani Prezidentimizning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ham qayd etildi. Terimni to‘liq mexaniza­siyalashtirish yo‘lidagi ishlar esa mehnat unumdorligi, hosil sifati va yig‘im-­terim muddatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Mahsulot va “yashil” qiymat

Bugun paxtaning qiymati daladan olingan xomashyo bilan belgilanmaydi. 2025-yilda O‘zbekiston 75 mamlakatga 2,6 milliard dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qildi. Demak, paxta tolasi ishlab chiqarish, tikuvchilik, dizayn, logistika va savdo orqali ish o‘rni va daromadga aylanmoqda. Xomashyoni chuqur qayta ishlash kambag‘allikni qisqartirish va qishloqda barqaror bandlik yaratishning amaliy yo‘lidir.

Endi navbat qiymat zanjirini yanada “yashil” qilishga keldi. G‘o‘zapoyani chiqindi deb emas, resurs deb ko‘rish mumkin. Uni tasdiqlangan usullarda biocharga aylantirish tuproqqa organik uglerod qaytarish, namni saqlash, tuproq sifatini yaxshilash va fermerga karbon bozoridan qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi. Shu tariqa paxta dalasidan kiyimgacha bo‘lgan zanjir ekologik mas’uliyat bilan boyiydi.

FAO Bosh direktori Toshkentda “tola ekinlarini yaxshilash oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shadi” degan fikrni alohida ta’kidladi. Bu juda aniq xulosa. Paxta kamroq suv va maydonda yuqori hosil bersa, tola, kiyim va eksport ­saqlanadi, oziq-ovqat uchun esa yangi imkoniyat paydo bo‘ladi. O‘zbekiston tajribasining global ahamiyati ham shunda.

Butunjahon paxta kuni bilan bir paytda Toshkentda dengizga chiqishi chegaralangan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan ikkinchi global texnik forum o‘tkazildi. Bu ikki tadbirning bir joyda o‘tkazilishi tasodif emas. Paxta misoli har bir gektardan samarali foydalanishni ko‘rsatsa, LLDC forumi ishlab chiqarilgan mahsulotni saqlash, qayta ishlash, chegaradan o‘tkazish va bozorga yetkazish masalasini ko‘taradi.

Dunyodagi dengizga chiqishi chegaralangan 32 ta rivojlanayotgan mamlakatda qariyb 600 million kishi yashaydi. Ularning ko‘pi uchun qishloq xo‘jaligi ish, daromad va hayot manbaidir. Ammo transport xarajati yuqori, tranzit yo‘li uzun, sovitish va ombor infratuzilmasi yetarli emas. FAO ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mamlakatlarda har olti kishidan biri ochlikka duch keladi, aholining qariyb 57 foizi esa to‘g‘ri ovqatlanish xarajatini ko‘tara olmaydi.

2024 yili Toshkentda o‘tkazilgan birinchi yuqori darajali forum muammoni umumiy kun tartibiga olib chiqdi. 2026 yilgi ikkinchi forum esa muloqotdan amaliy tizimga o‘tishni maqsad qildi. Asosiy g‘oya juda sodda: “landlocked”, ya’ni dengizga chiqishi chegaralanganlikdan “land-linked”, ya’ni quruqlik orqali bog‘langanlikka o‘tish kerak.

“Quruqlik orqali bog‘langan” deganda faqat avtomobil yoki temir yo‘l tushunilmaydi. Fermer bozor bilan, olim dala bilan, davlat qo‘shni mamlakat va tranzit hamkorlar bilan, mahsulot esa sovitish, saqlash, qayta ishlash va raqamli kuzatuv tizimi bilan bog‘lanishi kerak. Shunda ­geografik cheklov iqtisodiy uzilish bo‘lib qolmaydi. U mintaqaviy hamkorlik uchun sababga aylanadi.

Amaliy vazifalar

Mamlakatimiz yetakchisi forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida tadbirlarda 30 dan ziyod mamlakatdan olimlar, ekspertlar, tadbirkorlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etayotganini alohida qayd etdi. Bu Toshkentda muhokama qilingan masalalarning mahalliy emas, global ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda paxtaning 300 ga yaqin ertapishar navi yaratilgani, ekish, parvarishlash va yig‘im-terim jarayoni mexanizatsiyalasha­yotgani, zamonaviy agrotexnologiyalar tufayli ayrim xo‘jaliklar gektaridan 100 sentnergacha hosil olayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, paxta muvaffaqiyati umumiy oziq-ovqat siyosati bilan bog‘landi.

Prezidentimiz murojaatidagi asosiy takliflar ham aniq: oziq-ovqat logistikasi va savdosini yengillashtirish, yetkazib berish qoidalarini soddalashtirish, Markaziy Osiyodan boshlab dengizga chiqishi chegaralangan davlatlar va tranzit hamkorlarni bog‘laydigan oziq-ovqat hamkorligi dasturini ishlab chiqish, qayta ishlash, sovitkichli saqlash va tashishga xalqaro moliya institutlari hamda xususiy investorlarni jalb etish. O‘zbekis­ton 2030 yilgacha oziq-ovqat ishlab chiqarishni ikki barobar, eksport va qo‘shilgan qiymatni uch barobar oshirishni maqsad qilgan. Bunday marra milliy imkoniyat bilan birga xalqaro sheriklikni ham talab etadi.

Forum yakunida qabul qilingan Toshkent kommyunikesi ana shu g‘oyalarni umumiy yo‘l xaritasiga aylantirdi. Hujjat iqlim o‘zgarishi va ekologik zaiflikka qarshi kurash, ilm-fan va innovatsiya orqali transformatsiya, savdo va bozorlarga chiqishni yaxshilash, barqaror moliyani jalb etish kabi ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi. Yoshlar, xotin-qizlar, boshqaruv, ma’lumotlar va suv masalalari barcha yo‘nalishlarning umumiy asosi sifatida ko‘rsatildi.

Kommyunikening eng muhim amaliy natijalaridan biri Toshkentda dengizga chiqishi chegaralangan rivojlanayotgan davlatlar uchun Agroinnovatsiyalar xabini tashkil etish tashabbusidir. Xab O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tizimidagi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or tajriba markazida faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan. U bilim almashish, texnologiya transferi, kadrlar tayyorlash va uch tomonlama hamkorlik uchun amaliy maydon bo‘ladi.

Butunjahon paxta kuni natijasida paxta innovatsiyalarini almashish platformasini yaratish, “tirik laboratoriya­lar”ni yo‘lga qo‘yish va g‘o‘zapoyadan biochar olish texnologiyalarini hamkorlikda kengaytirish takliflari ilgari surildi. Xorijiy mehmonlar Bo‘ka tumanidagi fermer xo‘jaliklarida yuqori hosildorlik, biochar tayyorlash jarayoni va paxta yetishtirishning sakkiz qoidasi qanday ishlayotganini dala sharoitida ko‘rdilar. Baliqchilik korxonasiga tashrif esa oziq-ovqat diversifikatsiyasi va zamonaviy ishlab chiqarish yechimlarini namoyish etdi.

Eng muhimi, istiqbolli tashabbus­lardan biri Toshkentda paxta tadqiqotlari va innovatsiyalari bo‘yicha xalqaro yuksak malaka markazini tashkil etish taklifi bo‘ldi. Prezidentimiz “Agricola” ­medalini qabul qilish chog‘ida bu g‘oyani FAO Bosh direktori va ICAC rahbariyatiga bildirib, O‘zbekiston bunday markazga mezbonlik qilishga tayyorligini ta’kid­ladi. Bu tashabbusning ishchi nomi — Cotton World Center, ya’ni Jahon paxta markazi. Bug‘doy va makkajo‘xori, sholi, sabzavot hamda boshqa strategik ekinlarga xizmat qilayotgan xalqaro ilmiy markazlar singari ushbu markaz ham dunyoning yetakchi olimlari, seleksionerlari, agronomlari va investorlarini Toshkentda birlashtirishi, yangi yechimlarni O‘zbekis­tonning “tirik laboratoriyasi”da sinashi va samarali texnologiyalarni paxta yetishtiruvchi mamlakatlarga tarqatishi mumkin. Syuy Dun’yuy va Erik Traxtenberg ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi.

“Agricola” medali, Butunjahon paxta kuni va LLDC forumini bir-biridan alohida voqea deb qarasak, ularning umumiy ma’nosi yo‘qoladi. Medal o‘tgan yo‘lga berilgan xalqaro bahodir. Butunjahon paxta kuni kamroq resurs bilan ko‘proq va sifatli mahsulot yetishtirish mumkinligini ko‘rsatdi. LLDC forumi esa shu mahsulotni bilim, logistika, savdo va sheriklik orqali xalq farovonligiga aylantirish yo‘lini belgiladi.

O‘zbekistonning taklifi tayyor shakl­dagi yagona modelni boshqalarga o‘tkazish emas. Asosiy taklif boshqacha: har bir mamlakatning sharoitiga mos yechimni birga yaratish, ilmni fermerga yetkazish, ishlagan texnologiyani moliya bilan bog‘lash, qo‘shni davlatlar manfaatini hisobga olish va natijani inson hayoti bilan o‘lchash. Bu yondashuv Markaziy Osiyoni umumiy oziq-ovqat savatiga aylantirishi mumkin. Qozog‘istonning don salohiyati, O‘zbekistonning intensiv dehqonchilik va bog‘dorchilik tajribasi, Qirg‘iziston va Tojikistonning tog‘ qishloq xo‘jaligi va chorvachiligi, Turkmanistonning quruq iqlimdagi tajribasi o‘zaro to‘ldiruvchi kuchga aylanadi.

Bunday hamkorlik faqat mahsulot miqdorini ko‘paytirmaydi. U qishloqda ish o‘rni ochadi, kambag‘allikni qisqartiradi, yoshlarga yangi kasb beradi, xotin-qizlarni qiymat zanjiriga olib kiradi, qayta ishlashni rivojlantiradi va mintaqaning tashqi zarbalarga chidamliligini oshiradi. Eng muhimi, u oziq-ovqatni raqobat vositasi emas, tinchlik va o‘zaro bog‘liqlik vositasiga aylantiradi.

FAOning oliy mukofoti O‘zbekiston Prezidentiga topshirilgan kundan bosh­langan ushbu hafta Toshkent kommyunikesi bilan yakunlandi. Bir tomonda o‘tgan mehnatning e’tirofi, ikkinchi tomonda kelajak uchun qabul qilingan umumiy majburiyat turibdi. Endi asosiy mezon kommyunikeda belgilangan vazifalarning dalada, chegarada, omborda, laboratoriyada va oila dasturxonida qanday natija berishidir.

Ibrohim ABDURAHMONOV,

qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik