Xalqaro eʼtirofga loyiq qadriyatlar

    Ta'lim 23 Noyabr 2021 2506

    Prezident taʼlim muassasalari Agentligi rahbari Hilola Umarova Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida boʻldi.

    Ijod maktabi oʻquvchilari bilan dildan suhbatlashib, ularning oʻqishlari va ijoddagi yutuqlari bilan tanishdi.

    – Sizlar bizning ishonchimiz, kelajagimizsizlar. Prezidentimizning sizlarga boʻlgan eʼtiborlaridan ruhlanib, ijod va oʻqishda erishayotgan yutuqlaringizdan xursandman. Sizlarning har bir ijod namunangizni oʻqib boraman, – deya samimiy fikrlarini bildirdi Hilola Umarova.

    Agentlik rahbari bilan kelgan aziz mehmon Massachusets Texnologiya instituti direktori Vijay Kumar yosh ijodkorlarning mehmonlarni qizgʻin kutib olishlaridan behad mamnunlik tuydi. Oʻzbek, rus va ingliz tilida aytilgan tabriklar, oʻquvchilarning oʻz ijod namunalaridan hamda taniqli shoirlarning sheʼrlaridan ifodali yod oʻqishlaridan, dilrabo raqslardan zavqlanib, dilidagilarni bayon etdi.

    – Men bu yosh isteʼdod egalarini koʻrib juda hayratlandim. Turli tillarda aytgan sheʼrlari, jozibador raqslari tahsinga loyiq. Meni bu yerda mana shunday koʻtarinki kayfiyatda kutib olishadi deb oʻylamagandim, – dedi Vijay Kumar.

    Xorijlik mehmon oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar – oʻquv va laboratoriya xonalari, yorqin isteʼdod sohibasi Halima Xudoyberdiyeva muzeyi, qishki bogʻ, toʻgarak xonalari bilan tanishdi. Oʻquvchilar bilan ingliz tilida muloqot qildi va ularning bilimi, iqtidori yuqori ekanligini taʼkidladi.

    Mohidil Ziyayeva,

    Halima Xudoyberdiyeva nomidagi

    ijod maktabi oʻqituvchisi