Xalqaro forumda O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati salohiyati namoyish etildi

    Biznes 30 Avgust 2023 1348

    O‘zbekiston charmsanoati yutuqlari MDH va ShHT mamlakatlari charm-poybzal sanoati xalqaro forumida taqdim etildi.

    Moskvada yilda ikki bor o‘tkazib kelinadigan «Mosshoes» poyabzal, sumka, aksessuarlar, charm va butlovchi buyumlar xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek ushbu ko‘rgazma davomida MDH va ShHT mamlakatlari charm-poyabzal sanoati xalqaro forumi tashkil etildi.

    Ishbilarmonlik tadbirining biznes dasturidan «Charm-poyabzal sanoati. zamonaviy sharoitda yangi istiqbollar», «MDH va ShHT mamlakatlarida charm-poyabzal bozorining imkoniyatlarini amalga oshirish» mavzulari o‘rin oldi. Anjuman gibrid format: oflayn va onlayn tarzda tashkil etildi. Tadbirda MDH va ShHT mamlakatlari charm-poyabzal sanoati vakillar ishtirok etdi.

    Mazkur forumda «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev onlayn tarzda ishtirok etib, O‘zbekiston charmsanoati yutuqlari, investitsiya, eksport salohiyati to‘g‘risida nutq so‘zladi. Qayd etilganidek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy va Rossiya bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga ortib boryapti. Birgina Rossiya Federatsiyasiga charm-poyabzal mahsulotlari eksporti hajmi o‘tgan yili 44 million dollarni tashkil etdi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 60 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

    Keyingi yillarda eksport qilinadigan mahsulotlar turi sezilarli darajada kengaydi. Agar bir necha yillar avval eksportning asosiy qismini yarim tayyor xomashyo, poyabzal, charm buyumlar va mo‘ynali buyumlar tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda tarmoq korxonalari tomonidan tayyor charm (krast, finish), poyabzal, poyabzal tagliklari, yelim, sport buyumlari, qo‘lqoplar va boshqalar eksportga yo‘naltirilgan.

    «O‘zcharmsanot» uyushmasi rahbari, shuningdek, MDH va ShHT o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. «Wildberries», «Aliexpress», «Ozon» kabi elektron tijorat kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi. Ayni paytda o‘ndan ortiq o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini kompaniyalarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirgan.

    «Qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhiti, davlat tomonidan sohaning xar tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi O‘zbekistonda charm-poyabzal va mo‘yna sanoatining rivojlanish dinamikasiga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

    Shuningdek, Rossiya bozorida «Made in Uzbekistan» ostidagi mahsulotlarga talab ortib borayotgani ham sohamizning rivoji va mahalliy korxonalarimizning xalqaro bozordagi nufuzi yuqorilayotganidan dalolatdir. MDH va ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik yaqin kelajakda yangi marralarni zabt etishga xizmat qilishini ishonch bilan ayta olaman», — deya o‘z fikrlarini bayon qildi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev.

    Forum ishida xar ikki tashkilotga a’zo mamlakatalar charm-poyabzal sohasi vakillarining ishonchli va samarali hamkorligini yanala rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadida mazkur formatdagi muloqotlarning ahamiyati to‘g‘risida fikr almashildi, deb xabar beradi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.