Xalqaro forumiga tayyorgarlik boshlandi

    Mamlakatimizda 26 Aprel 2021 870

    2021-yil 26-aprel kuni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumini oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmitaning yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva olib bordi.

    Yigʻilishda Tashkiliy qoʻmita aʼzolari, Barqaror rivojlanish maqsadlarini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi, Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, Yoshlar parlamentlari aʼzolari, Buxoro viloyati va Toshkent shahar hokimlari ishtirok etdi.

    2021-yil 9-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning Kengashlari tomonidan Qoʻshma qaror qabul qilingan. Ushbu Qaror bilan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumini 2021-yil 23-24-iyun kunlari Buxoro shahrida oʻtkazish, uning konsepsiyasi, reglamenti, tashkiliy qoʻmita tarkibi va chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Yigʻilishda ushbu masalalar muhokama qilindi va vazifalar belgilab olindi.

    Qayd etilganidek, Forum doirasida 10‒20-iyun kunlari Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Toshkent shahrida “Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi!” shiori ostida Barqaror rivojlanish haftaligi oʻtkaziladi.

    Haftalik doirasida respublikaning barcha hududlarida turkum tadbirlar tashkil etiladi. Shu jumladan, “Oʻzbekiston barqaror rivojlanish maqsadlari sari” nomli kitob-albomi oʻzbek, rus hamda ingliz tillarida tayyorlanib, nashr qilinadi.

    Qolaversa, ishtirokchilarga qulayliklar yaratish maqsadida Forumning maxsus veb-sayti yaratiladi, barcha kerakli maʼlumotlar unga joylashtirilib boriladi. Forumda ishtirok etish istagini bildirgan jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari va xorijiy ekspertlar uchun ushbu sayt orqali roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, Forum ishtirokchilari uchun madaniy-konsert dasturi tashkil etiladi.

    Yigʻilishda bu borada amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.