Anjumanda 10 ga yaqin xorijiy ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va Respublika Yoshlar komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev, Sport vaziri Adham Ikramov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, Pokiston Bosh vaziri ofisi vakili, Pokiston Milliy Assambleyasi aʼzosi Saida Amna Batul, Turkiyaning Yoshlar jamgʻarmasi rahbari Ibrohim Beshinji, “Hi China” Xalqaro yoshlarni rivojlantirish alyansi prezidenti Liu Xi hamda Ozarbayjon Milliy yoshlar tashkilotlari Assambleyasi raisi Rafayel Xajibaylar ishtirok etdi.
— Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan joriy yilda respublikadagi 9 452 ta mahallada 8,3 million nafar “Yoshlar balansi”ni shakllantirish orqali ularni kasb-hunar va chet tillariga oʻrgatish, bandligini taʼminlash hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi, Respublika yoshlar komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev. — Jumladan, 150 ming 829 nafar yoshga dehqonchilik uchun “mahalla yettiligi” tavsiyasi bilan 54,3 ming gektar yer maydonlari ajratilib, 165,4 ming tonna mahsulot yetishtirildi va 1 trillion 158 milliard soʻm daromad olindi.
Shuningdek, ishsiz boʻlgan 24,2 ming nafar yoshlarga mehnat qurollari, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 85,5 ming nafar yoshlarga 1 trillion 552 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratilib, mahallaning oʻzida bandligi taʼminlandi.
Bundan tashqari, yoshlarni yuqori daromadli faoliyatga jalb etish maqsadida “Kelajak kasblari” loyihasi orqali 18,6 ming yoshlarning oʻquv markazlardagi 53,3 mlrd xarajatlari toʻlab berilib, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha 70 mingga yaqin yoshlar ishtirokida “Biznes marafon”, “Biznes sayohat” loyihalari tashkil etildi.
Zulxumor Akbarova