Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

    Kuni kecha, Namangan muhandislik-qurilish institutida “Mashinasozlikda innovatsiyalar, energiyatejamkor texnologiyalar va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Anjuman ishida xorij va mahalliy mutaxassislardan iborat 50 nafardan ortiq qatnashchi ishtirok etdi.

    Konferensiyaning ilmiy yoʻnalishlari “Mashinasozlikda materiallarga ishlov berishning zamonaviy texnologiyalari”, “Mashinasozlikda zamonaviy texnika, texnologiyalar va materiallar”, “Mexatronika, avtomatika va robototexnika”, “Yangi konstruksion materiallar olishning zamonaviy texnologiyalari”, “Qishloq xoʻjaligi mashinalari va transport texnikalari konstruksiyalarini takomillashtirish yoʻllari” hamda “Mashinasozlik sohasi uchun bakalavr va magistrlar tayyorlash sifatini boshqarish” kabi mavzularda tashkil etildi.

    Anjuman ishini institut rektori Sharifboy Ergashev kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Shundan soʻng yalpi yigʻilishda Rossiyaning Qozon federal universiteti filiali — Naberejniye Chelni instituti vakili Dmitriy Pankratov, Rossiya davlat agrar universiteti professori Parviz Gadjiyev, Toshkent davlat texnika universiteti professori Kamolxon Karimov, Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti professori Muhammadjon Toshboltayev va boshqalarning marʼruzalari tinglandi, deya xabar beradi Namangan muhandislik-qurilish instituti axborot xizmati.