Xalqaro indekslarda Oʻzbekistonning oʻrnini mustahkamlash masalasi muhokama etildi

    Mamlakatimizda 3 Oktabr 2022 2551

    Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari Qoʻmitasi tomonidan Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun (Women, Business and the Law) indeksida Oʻzbekistonning oʻrnini yanada yaxshilash”ga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-avgustdagi Farmoniga asosan Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar roʻyxatiga kiritildi va unga masʼul davlat organi etib Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi belgilandi.

    Bugungi kunda “Ayollar, biznes va huquq” indeksi 190 mamlakatni qamrab olgan boʻlib, 8 ta (Harakatlanish erkinligi, mehnat qilish, mehnat sharoitlari, nikoh, ota-onalik qilish, tadbirkorlik, mulkka egalik qilish, pensiya) koʻrsatkich boʻyicha mamlakatda erkaklar va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish salohiyatlari oʻrtasidagi huquqiy tafovutlarni baholaydi.

    Har bir koʻrsatkich ayolning karyerasidagi alohida bosqichni ifodalaydi. Metodika tadbirkorlar va xodimlar sifatida ayollar uchun huquqiy muhitning oson takrorlanadigan oʻlchovi sifatida ishlab chiqilgan.

    Indeks maʼlumotlarni oila, mehnat va jinoyat qonunchiligi boʻyicha malakali respondentlarning fikr-mulohazalari asosida yangilab boradi.

    Ayni vaqtda mamlakatimiz Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 100 balldan 70,6 ball toʻplab, 120-oʻrinni egallab turibdi.

    Mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 2-iyundagi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlari tasdiqlangan.

    Unga koʻra, Oʻzbekiston “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 2022-yilda 88,1 ball toʻplashi kerak boʻlsada, biroq mamlakatimizning ayni vaqtdagi koʻrsatkichi 2020-yildan buyon oʻzgarmay kelyapti.

    Qoʻmita tomonidan yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, mamlakatimizning qator reyting va indekslarda, shuningdek, Jahon Bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida oʻrnini yaxshilash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerakligi taʼkidlab oʻtildi.

    Xususan, Jahon Bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 2022-yilgi maʼlumotlar va baholash metodologiyasini manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda tahlil qilish, ushbu yoʻnalish boʻyicha 2021-2022-yillar davomida qabul qilingan NXXni inventarizatsiyadan oʻtkazish, maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish masalalari muhimligiga eʼtibor qaratildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.