Xalqaro institutlar ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz boʻlib boryapti — Prezident

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boshlangan videoselektor yigʻilishida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy va savdo cheklovlarining Oʻzbekistonga taʼsirini yumshatish masalalari muhokama qilinmoqda.

    Avvalo, davlatimiz rahbari global iqtisodiy holatga toʻxtaldi.

    «Hozirgi dunyo avvalgidek emas. Gap tarif yoki ularni miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar oʻrtasida barqaror munosabatlar va oʻzaro ishonchni taʼminlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz boʻlib borayapti.
    Albatta, bu jarayonlar zanjirli taʼsir koʻrsatib, jahon iqtisodiyotini sekinlashuvi va xalqaro savdoni kamayishiga olib kelishi mumkin», — dedi Prezident.

    Birgina yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga koʻtarilishi haqida prognozlar berilmoqda.

    «Uch-toʻrt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yoʻqotgani biz uchun qattiq “signal” boʻlishi kerak.
    Eng katta xavf – pandemiya davrida boʻlgani kabi dunyo boʻylab taʼminot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo boʻlishidadir.
    Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega toʻqimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi “drayver” tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin», — dedi Prezident.
    Oʻziga nisbatan eng katta import bojlari qoʻyilgan davlatlar endilikda Oʻzbekiston eksport qilayotgan yoʻnalishlarga oʻzining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligi qayd etildi. Yaʼni, mamlakatimiz kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat boʻladi.