Isteʼmolchining poymol boʻlgan huquqi tiklab berilishi masalasidagi quyida keltiriladigan misol ana shu hamkorlik doirasida olib borilayotgan ishlardan biri deyish mumkin.
Fargʻona shahar jamiyati tomonidan isteʼmolchi, Koreya Respublikasi fuqarosi janob Choy Kil Xoning manfaatlarini koʻzlab, unga Fargʻona shahrida “EVRO DIAMOND” savdo belgisi ostida faoliyat koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor R.Seyfullayev tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirish haqidagi Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga kiritilgan daʼvo arizasi koʻrib chiqildi.
Fuqaroning murojaatini Fargʻona shahar jamiyati tomonidan oʻrganib chiqilishi natijalari va sud materiallaridan maʼlum boʻlishicha, isteʼmolchi oʻz vakili (haydovchisi) orqali 2019-yilning iyun oyida yuqoridagi tadbirkorga qarashli boʻlgan kimyoviy tozalash korxonasiga 10 (oʻn) turdagi kiyimlarini tozalatish uchun bergan. Kiyimlar kuzgi-qishki mavsumga moʻljallanganligi sababli kimyoviy tozalashdan oʻtkazilib, xonadonga keltirilgach ulardan maʼlum vaqt foydalanilmagan. Keyinchalik esa ular koʻzdan kechirilganda kiyimlarga jiddiy ziyon yetkazilganligi, ular asl holiga nisbatan rangi va yorqinligini yoʻqotganligi, hajmlari kichrayganligi, foydalanib boʻlmaydigan holatga kelganligi kuzatilgan. Isteʼmolchining xizmat koʻrsatuvchi korxona bilan yuzaga kelgan masalani hal qilish borasidagi harakatlari ijobiy natija bermagach, u Federatsiyaning Fargʻona shahar jamiyatiga murojaat qilgan.
Ishni sudda koʻrib chiqilishi davomida xizmat koʻrsatuvchi isteʼmolchi vakili kiyimlarni qabul qilib olish va olib ketish vaqtida koʻrsatilgan xizmat sifati yuzasidan hech qanday eʼtirozlar bildirmaganligi, kiyimlar kimyoviy tozalash korxonasidan olib ketilgach, oradan biroz vaqt oʻtganligini, bu orada esa muayyan harakatlar amalga oshirilib, kiyimlarga oʻzga shaxslar tomonidan zarar yetkazilgan boʻlishi mumkinligi, u sudgacha boʻlgan oraliqda isteʼmolchi bilan yuzaga kelgan holat yuzasidan kelishib olish borasida harakatlar olib borganligi kabi vajlarni keltirgan boʻlsada, sud uning isteʼmolchi vakili tomonidan xizmatlar sifatiga eʼtirozlar bildirilmaganligi, unga oʻzga shaxslar tomonidan keyinchalik zarar yetkazilgan ham boʻlishi borasidagi vajlari bilan kelishmasligini, sababi nizo predmeti hisoblangan kiyimlarda hozirgi kunga qadar kimyoviy tozalash korxonasining xos belgilari (birkalari) saqlanib turganligini koʻrsatib oʻtdi. Bu holat esa kiyimlar kimyoviy tozalash korxonasidan keltirilgandan buyon undan hech kim foydalanmaganligini koʻrsatadi. Shuning bilan birgalikda, javobgarga isteʼmolchi kiyimlarni kimyoviy tozalashga yuborishdan oldin va keyinchalik ham fotosuratga olganligi boʻyicha fotohujjatlar taqdim qilindi.
Sud ishni koʻrib chiqilishi natijalariga koʻra, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Fargʻona shahar jamiyatining Koreya Respublikasi fuqarosi Choy Kil Xonga nisbatan yetkazilgan moddiy zararni undirish haqidagi talabi qanoatlantirilib, javobgardan manfaatdor shaxs foydasiga 12 000 000 (oʻn ikki million) soʻm undirilishi boʻyicha qaror chiqardi.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
matbuot xizmati