Xalqaro kompaniya Navoiy viloyatida quyosh elektr stansiyasini quradi

    Energetika 6 Aprel 2021 616

    Energetika vazirligi va “Phanes Group” xalqaro kompaniyasi oʻrtasida Navoiy viloyati Nurota tumani hududida quyosh elektr stansiyasi (QES) qurish toʻgʻrisida investitsiya shartnomasi imzolandi.

    Energetika vazirligi Axborot xizmati xabariga koʻra, tadbir davomida “Phanes Group” va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida bitim ham imzolandi.

    “Phanes Group” va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasida QES (IA) va elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim (PPA) 200 MVt quvvatga ega boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish, egalik qilish va ekspluatatsiya qilish uchun texnik va tijoriy shartlarni, shuningdek, 60 km uzunlikdagi 220/110 kV nimstansiyani oʻz ichiga oladi.

    Maʼlumot uchun, “Phanes Group” bosh ofisi BAAning Dubay shahrida joylashgan boʻlib, u quyosh energiyasi, shuningdek, investitsiya va aktivlarni boshqarish sohasida loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi xalqaro kompaniya hisoblanadi. “Phanes Group”2012-yilda tashkil etilgan. Kompaniya moliyaviy va muhandislik tajribasini birlashtiradigan keng qamrovli yondashuvni amalga oshiradi. Buning natijasida, kompaniya quyosh energiyasi sohasida toʻliq tayyor yechimlarni taklif qiladi.

    “Phanes Group” quyosh energiyasi sohasida sarmoyalar portfeliga ega va uning geografiyasi koʻplab mamlakatlarni qamrab oladi. Kompaniya rivojlanayotgan bozorlarga, ayniqsa Afrika, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) mamlakatlariga alohida eʼtibor qaratmoqda.

    Bugungi kunga qadar kompaniyaning ekologik toza energiya boʻyicha hissasi 130 MVt.dan oshadi. Bundan tashqari, yana 3,5 GVt rivojlanish yoki rejalashtirish bosqichida, shu jumladan Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarida 922 MVt loyihalar portfelida.