Shuningdek “Made in Uzbekistan” brendi ostida koʻrgazmada ishtirok etgan barcha mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ham alohida diplomlar taqdim etilib, tadbir tashkilotchilari tomonidan minnatdorchilik bildirildi.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Xalqaro hamkorlik aloqalari boʻlimi bosh mutaxassisi Sharofiddin Mirxaitovning taʼkidlashicha, ushbu platforma maydoni mamlakatimiz farmatsevtika sanoatining eksport salohiyatini va ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarimizning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Aytish joiz, “MedExpo Kyrgyzstan 2022” xalqaro koʻrgazmasi mavjud investitsiyaviy jozibadorlikdan foydalangan holda xorijiy investorlarni yurtimizga jalb etish shuningdek, sohada qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro iqtisodiy hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va yanada mustahkamlash boʻyicha oʻziga xos imkoniyat manzilidir, deb xabar beradi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.