Xalqaro Mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori janob Jilber Ungbo boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda

    Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida janob Jilber Ungbo boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

    Muloqotda Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari, xususan hamkorlik qamrovini kengaytirish, jumladan, mamlakatimizda munosib mehnat sharoitlarini tizimli tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekistonning ushbu tashkilot bilan keyingi yillardagi amaliy hamkorligi natijasida mehnat munosabatlari sohasida qator yutuqlarga erishilgani e’tirof etildi.

    Xalqaro Mehnat tashkiloti bosh direktori janob Jilber Ungbo O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi natijasida majburiy va bolalar mehnati butkul tugatilganligini ta'kidlab, bugun O‘zbekistonning ushbu tajribasini butun dunyoga o‘rnak sifatida ko‘rsatayotganini qayd etdi.

    Shuningdek, kelgusi istiqbolli rejalar xususida ham gaplashib olindi. Jumladan, Davlat mehnat inspeksiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha Xalqaro Mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni kuchaytirish va standartlarni amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha XMTning ekspertlari har tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirdi.

    Tashrif davomida janob Jilber Ungbo Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlari bilan ham muloqot qildi. Shuningdek, faxriy mehmonlar kitobiga oʻz fikrlarini yozib qoldirdi.

    Eslatib oʻtamiz, Xalqaro Mehnat tashkiloti bosh direktori ertaga Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Bandlik va ijtimoiy himoyani uyg‘unlashtirish orqali O‘zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etadi.