Dubay va Ostona xalqaro moliya markazlarini muvaffaqiyatli qilgan narsa — soliq imtiyozlari ham, hashamatli binolar ham emas. Ularning siri oddiy: investor u yerda nizo chiqqan taqdirda uni adolatli, tez va tushunarli tarzda hal qiladigan sudga ishonadi. Shu ma’noda xalqaro moliya markazi — avvalo huquqiy loyiha. Uning taqdiri binolarda emas, yuristlarning qo‘lida hal bo‘ladi.
Bu yil O‘zbekiston ham ana shu yo‘lga qadam qo‘ydi. Endi savol shunda: bizning huquqshunoslarimiz bu imkoniyatga tayyormi?
Nima yaratildi?
2026-yil 30-martda Prezidentning PF-48-son Farmoni bilan Toshkent xalqaro moliya markazini va uning tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish vazifasi belgilandi. 13-iyulda esa «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun imzolandi. E’tibor bering: oddiy qonun emas, konstitutsiyaviy qonun. Bu — davlatning investorga bergan eng yuqori darajadagi va’dasi.
Ushbu hujjat mamlakatimiz huquq tarixida bir nechta «birinchi»larni belgilab berdi.
Birinchi marta milliy hududning bir qismida alohida huquqiy rejim, jumladan Angliya va Uels umumiy huquqi va adolat prinsiplari qo‘llaniladi. Qonunning 8-moddasi huquq iyerarxiyasini aniq belgilaydi: Konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonun, Prezident hujjatlari, Markaz qarorlari va ularga zid bo‘lmagan holda — ingliz umumiy huquqi.
Birinchi marta ingliz tili davlat instituti uchun rasmiy til maqomiga ega bo‘ldi. Markaz qarorlari ingliz tilida qabul qilinadi, sud ishlari ingliz tilida yuritiladi, matnlar o‘rtasida tafovut bo‘lsa — inglizcha matn ustuvor.
Birinchi marta milliy sud tizimidan tashqarida, moliyaviy, ma’muriy va protsessual mustaqillikka ega alohida sud tashkil etildi. Toshkent xalqaro tijorat sudi birinchi instansiya va apellyatsiya instansiyasidan iborat bo‘lib, uning sudyasi har qanday davlat fuqarosi bo‘lishi mumkin. Bu degani — bizning yosh yuristlarimiz endi London, Singapur va Dubaydan kelgan sudyalar va advokatlar bilan bir zalda, bir tilda, bir huquq tizimida raqobatlashadi.
Va nihoyat, qonunning 6-moddasi investor aktivlarini musodara, natsionalizatsiya va muzlatishdan himoya qiladi — bunga faqat Toshkent xalqaro tijorat sudining qarori istisno bo‘la oladi. Boshqacha aytganda, Markaz hududida davlat o‘z-o‘zini chekladi va hal qiluvchi so‘zni sudga berdi. Bu — huquq ustuvorligining amaldagi ko‘rinishi.
Iqtisodiy ko‘lam ham salmoqli: 2030-yilgacha Markaz orqali 20–25 milliard dollar investitsiya jalb etish, 15 ming ish o‘rni yaratish va 10 ming mutaxassis malakasini oshirish rejalashtirilgan. Markaz 2027-yilda faoliyatni boshlashi kutilmoqda. Demak, tayyorgarlik uchun bir yildan kamroq vaqt qoldi.
Yuridik kasb uchun imtihon
Buni ochiq aytish kerak: Moliya markazi — yuridik ta’limimiz uchun imtihon. Chunki u bitiruvchilarimiz oldiga bir nechta qat’iy savolni qo‘yadi.
Ular ingliz tilida shartnoma tuzib, ingliz tilida sudda chiqa oladimi?
Ular pretsedent huquqida fikrlay oladimi — ya’ni qonun moddasini emas, sud qarorlari zanjirini tahlil qilib, undan qoida chiqara oladimi?
Ular moliyaviy hujjatni — obligatsiya prospektini, derivativlar bitimini, islomiy sukukni — o‘qiy oladimi?
Agar javob «yo‘q» bo‘lsa, Markazdagi eng qiziqarli va eng yuqori haq to‘lanadigan ishlar xorijiy yuristlarga ketadi, bizning bitiruvchilarimiz esa chetda tomoshabin bo‘lib qoladi. Agar javob «ha» bo‘lsa — Markaz o‘zbek yuristi uchun tarixdagi eng katta kasbiy ko‘tarilish imkoniyatiga aylanadi.
Yetti yo‘nalish
Imkoniyatlar qayerda? Kamida yettita yo‘nalishni ko‘rish mumkin.
Birinchisi — sud advokaturasi. Toshkent xalqaro tijorat sudida ishlarni olib borish uchun umumiy huquq protsessini biladigan advokatlar kerak. Bugun ularni barmoq bilan sanasa bo‘ladi.
Ikkinchisi — sud tizimining o‘zi. Sudya yordamchilari, sud registratori, huquqiy tahlilchilar — bu lavozimlar kelajak sudyalarining maktabidir.
Uchinchisi — korporativ va tranzaksion amaliyot: kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qo‘shilish va sotib olish bitimlari, investitsiya shartnomalari.
To‘rtinchisi — komplayens va regulyator huquqi. Markaz o‘z moliyaviy regulyatoriga ega bo‘ladi, uning qarorlari fuqarolik, korporativ, bank, soliq, mehnat va ma’lumotlarni himoya qilish sohalarida majburiy kuchga ega. Har bir ishtirokchiga komplayens-yurist kerak bo‘ladi.
Beshinchisi — xalqaro arbitraj va mediatsiya. Qonunning vazifalaridan biri — O‘zbekistonni nizolarni hal etish bo‘yicha xalqaro markaz sifatida targ‘ib qilish. Bu Markaziy Osiyo uchun hali bo‘sh turgan sohalardan biri.
Oltinchisi — yangi moliya sohalari huquqi: fintex, raqamli aktivlar, islomiy moliya, yashil obligatsiyalar. Bu sohalarda dunyoda ham tajribali yuristlar kam, demak, bizning yoshlarimiz boshlang‘ich nuqtada katta ortda emas.
Yettinchisi — akademik yo‘nalish. Ikki huquq tizimi bir hududda yashaydigan noyob laboratoriya paydo bo‘ldi. Qiyosiy huquqshunoslik uchun bundan boy material yo‘q.
Yangi avlod yuristining uch ustuni
Bunday yurist qanday bo‘lishi kerak? Uch ustun.
Birinchi ustun — til. Ingliz tili endi «qo‘shimcha afzallik» emas, kasbiy minimum. Va oddiy ingliz tili emas — yuridik ingliz tili, hujjat tuzish tili, sud nutqi tili.
Ikkinchi ustun — tafakkur. Umumiy huquq — bu boshqa qonunlar emas, boshqa fikrlash usuli. Romano-german tizimida biz normadan faktga boramiz; umumiy huquqda — faktdan pretsedent orqali normaga. Bu tafakkurni bir semestrlik kurs bilan shakllantirib bo‘lmaydi, u butun ta’lim trayektoriyasiga singdirilishi kerak.
Uchinchi ustun — moliyaviy savodxonlik va etika. Moliyaviy hujjatni tushunmaydigan yurist uni himoya qila olmaydi. Etika qoidalari va chegarasini bilmaydigan huquqshunos esa Markazning eng qimmatli aktivi — ishonchni yo‘q qiladi.
Universitet nima qilmoqda?
Toshkent davlat yuridik universiteti bu jarayonga bir necha yil avval tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan. Dastlab xalqaro arbitraj yo‘nalishida magistratura mutaxassisligi tashkil etildi, ingliz huquqi asoslari o‘quv rejalariga singdirildi, Ingliz huquqi kafedrasi ochildi hamda Buyuk Britaniyaning London universiteti va Grinvich universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari ishga tushirildi. Bugun bu qarorlar naqadar o‘z vaqtida bo‘lganini ko‘rib turibmiz. Lekin bu — faqat boshlanish.
Keyingi qadamlar sifatida beshta aniq taklif o‘rtaga tashlanmoqda.
Birinchidan, Toshkent xalqaro tijorat sudi bilan rasmiy hamkorlik bitimi: talabalar uchun sud amaliyoti dasturi, sud ishlarini kuzatish, sudya yordamchiligi stajirovkasi.
Ikkinchidan, xalqaro moliya markazlari va umumiy huquq bo‘yicha ingliz tilidagi magistratura dasturi — xorijiy hamkor universitetlar bilan ikki diplom formatida.
Uchinchidan, Markaz huquqi bo‘yicha doimiy o‘quv sud musobaqasi (moot court). Yurist suzishni suvda o‘rganadi, auditoriyada emas.
To‘rtinchidan, amaldagi yuristlar uchun qayta tayyorlash dasturlari. Markaz 10 ming mutaxassis malakasini oshirish vazifasini qo‘ygan — bu vazifaning huquqiy qismini TDYU Markaz bilan hamkorlikda bajarishi lozim.
Va beshinchidan — o‘qituvchilarni tayyorlash. Umumiy huquqni o‘zi hech qachon qo‘llamagan o‘qituvchi uni o‘rgata olmaydi. Professor-o‘qituvchilarning xorijiy sudlar va firmalarda stajirovkasi — bu xarajat emas, investitsiya. Quvonarlisi, mamlakatimizning uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali AQSH va Angliyada tahsil olgan yosh huquqshunoslar va professor-o‘qituvchilar bazasi ham shakllanib bormoqda.
Saroy emas, maydon
Bugun mamlakatimiz Dubay, Abu-Dabi va Ostona bosib o‘tgan yo‘lga qadam qo‘ydi. Lekin bu yo‘lda bir haqiqat bor: moliya markazi qonun imzolangan kuni emas, undagi birinchi nizo adolatli hal qilingan kuni haqiqiy ma’noda tug‘iladi. Va o‘sha birinchi nizoni kimdir himoya qiladi, kimdir hal qiladi, kimdir hujjatlashtiradi.
Moliya markazi biz uchun — saroy emas, maydon. Unda o‘rin egallash uchun imtiyozlar yetarli emas — bilim kerak. Bu bilimni berish esa yuridik ta’lim tizimining burchidir.
Islambek RUSTAMBEKOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori,
yuridik fanlar doktori, professor