Aholi sogʻligi va hayoti mamlakatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va xavfsilik qay darajada taʼminlangani, tibbiyot xodimlarining kasbiy mahorati va tayyorgarligiga bogʻliq.
Oʻquv kursi mamlakatimizda epidemiologlar tayyorlash sifatini oshirish, epidemiologik tekshiruvlarni oʻtkazish boʻyicha xalqaro standartlarning eng ilgʻor usullarini oʻrgatish va undan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan. Malaka oshirish xalqaro oʻquv kursi uch oyga moʻljallangan. Oʻquv dasturi CDCning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda oʻtkaziladi.
Dastlab mamlakatimizning barcha hududidan 20 nafar epidemiolog tayyorlanadi. Ularga epidemiologiyaning ilmiy asoslangan va xalqaro darajada tan olingan zamonaviy usullaridan saboq beriladi.
Oʻquv dasturi ochilishiga bagʻishlangan vebinar-muloqotda Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor Alisher Shadmanov, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari, Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari, AQSH elchixonasi vakili Alan Melser hamda CDCning Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi direktori Daniyel Singer ishtirok etdi va bu loyihani qoʻllab-quvvatladi.
Eslatma: CDC — AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi 1946-yilda tashkil etilgan. Markaz dastlab sanitariya-epidemiologiya xizmati vazifasini bajargan va AQSHda emlash dasturiga asos solgan.
U, ayni paytda, sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishda amaliy, tibbiy va ilmiy maʼlumotlar berish vazifasini bajaradi. Shuningdek, yuqumli kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashda koʻmaklashadi. AQSHning barcha sogʻliqni saqlash muassasalari va yetakchi universitetlarining tibbiyot maktablarida ilmiy tadqiqotlar olib borib, yangi loyiha va umuminsoniy dasturlarni tashkil etish va oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlab keladi.