Xalqaro qidiruvda boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi Seulda ushlandi

    Xavfsizlik 27 Oktabr 2021 1358

    Seul shahrida hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbir davomida Interpolning Koreyadagi Milliy markaziy byurosi xodimlari koʻmagida qidiruvda boʻlgan Yu.U. Seuldagi chegara nazorat punktidan oʻtayotgan vaqtda qoʻlga olingani Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xabarida maʼlum qilindi.

    Qidiruvdagi shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasiga asosan, katta miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun respublika huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan edi.

    Maʼlum boʻlishicha, Yu.U. Koreya hududida boʻla turib, Oʻzbekiston firmalari birining vakili boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi Yu.I.ning ishonchiga kirib, Janubiy Koreyada ishlash uchun odam topib berishini taklif qilgan. Fuqaro Yu.I. chet davlatda ishlashni istaganlarni topib, ular banklar orqali fuqaro Yu.U.ning hisob raqamiga 507.708.000 soʻm (54.600 AQSH dollari) oʻtkazib yuborgan, evaziga esa u Janubiy Koreyada ishlash uchun taklifnomagina joʻnatib turgan, shundan soʻng nomaʼlum joyda yashirinib yurgan.

    Hozirda uni Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilish choralari koʻrilmoqda.