Yig‘ilishda Kengash tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlash, Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting va indekslar bilan ishlashga mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun treninglar o‘tkazish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, joriy yilning 3-iyul kuni BMTning sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) tomonidan chop etilgan “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi” indeksining 2020-yilgi hisobotida mamlakatimiz ilk marotaba aks ettirilib, 152 ta mamlakat orasida 92-o‘rinni, MDH tarkibiga kiruvchi respublikalar orasida 5-o‘rinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 2-o‘rinni egalladi.
Yig‘ilishda Xalqaro reyting va indeksdagi mamlakatimiz o‘rnini yaxshilash ko‘p jihatdan qabul qilingan qonunlarimizning joylardagi ijrosi bilan bog‘liqligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, bu jarayonda ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, jurnalist va blogerlar bilan hamkorlik qilish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari muayyan tor doiradagi shaxslarning manfaatiga xizmat qilishi kerak emasligiga urg‘u berildi.
Kengash a’zolari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari loyihalari muhokama qilinib, tasdiqlandi.
Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashga mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun ishlab chiqilgan trening dasturlari muhokama qilindi.
Treninglar yuzasidan taqdimotlar va tarqatma materiallar puxta va qiziqarli bo‘lishi kerakligi, trenerlarning malakasi va treninglarning sifati uchun Kengash ishchi organlari shaxsan mas’ul hisoblanishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida mamlakatimizning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash, investitsiyaviy jozibadorligi oshirish, faoliyati to‘xtatilgan tadbirkorlik sub'yektlarini ixtiyoriy tugatish jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunovning takliflari ham ko‘rib chiqildi.
Kengash a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olib, Kengashning tegishli qarori qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati