Xalqaro “Sayan yurishi” musobaqasida oʻzbekistonlik harbiylar bu yil ham kuchli uchlikdan oʻrin oldi

    Harbiy 18 Aprel 2022 911

    Kecha, 17-aprel kuni xalqaro armiya oʻyinlari doirasidagi “Sayan yurishi” musobaqada ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan yurt oʻgʻlonlari tantanali kutib olindi.

    Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻtkazilgan tantanali marosimda Mudofaa vazirligi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshligʻi polkovnik Rahmatullo Rahmonov va boshqalar mamlakatimizda milliy armiyamiz qudratini yanada yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, uning natijasida Vatanimiz himoyachilari nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritayotganini alohida eʼtirof etishdi.

    Bir necha kun davomida Rossiya Federatsiyasi hududida oʻtkazilgan musobaqada Oʻzbekiston, Xitoy, Rossiya, Rossiya ayollar jamoasi, Qirgʻiziston, Tojikiston, Eron, Abxaziya va Janubiy Osetiya davlatlaridan, jami 9 ta jamoalar oʻz davlati shaʼnini munosib himoya qilishdi.

    Musobaqa nizomiga koʻra jamoalar harakatlanish qiyin boʻlgan togʻ hududlarida 50 kilometrlik marshrutni bosib oʻtib, 12 ta shart boʻyicha koʻrsatilgan meʼyorlarni mahorat bilan bajarishdi. Taʼkidlash lozimki, shartlarni tezkor va aniq bajarishda, boshqa jamolarda kuzatilganidek hamyurtlarimizga ham oson boʻlmadim. Har bir jamoa ishtirokchilaridan nafaqat mutaxassis sifatida mahoratni koʻrsatish, balki musobaqa nizomiga muvofiq jangovar va jismoniy tayyorgarlikni namoyish qilgan holda harakatlanish talab qilindi.

    Umumiy natijalarga koʻra Rossiya Federatsiyasi jamoasi birinchi, Xitoy jamoasi ikkinchi, yurtimiz harbiy xizmatchilari esa uchinchi oʻrinni egallashdi. Gʻolib va sovrindorlarga medal hamda xalqaro armiya oʻyinlarining esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi. Mazkur musobaqada Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar ikkinchi bor ishtirok etib, oʻtgan yilgi natijani saqlab qolishdi.

    Tantanali kutib olish tadbirida mashaqqatli musobaqa sinovlarini sabot bilan yengib oʻtgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va hamkasblari, kursantlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda xalqaro bellashuv maydonida mahorat va matonat bilan oʻz salohiyatini namoyon etgan dovyurak oʻgʻlonlarimiz qutlanib, guldastalar taqdim qilindi. Harbiy orkestrning tantanali sadolari esa barchaga xushkayfiyat bagʻishladi.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti