BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Qoraqalpog'istonning Kegeyli va Qorao'zak tumanlarida xotin-qizlar va yoshlarga tikuvchilik, kashtachilik va xalq hunarmandchiligini o'rgatish bo'yicha ikki kunlik treninglar tashkil etdi. Treninglarda jami 90 ga yaqin ayollar ishtirok etdi va ulardan 30 nafariga FAO tomonidan sovg'a sifatida tikuv mashinalari berildi.
Bu daromadni oshirish uchun muhim vosita bo'lib, ular yordamida olingan bilim va ko'nikmalardan foydalangan holda yangi san'at namunalari, shu jumladan, mashhur Qoraqalpoq milliy kashtasi bilan kiyim-kechaklar tikish mumkin. Loyiha BMTning Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi tomonidan moliyalashtiriladi.
— Bizning fikrimizcha, aholining zaif qatlamlari, ayniqsa, ayollarni qo'llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash juda muhimdir, — deb qayd etdi FAOning Markaziy Osiyo bo'yicha submintaqaviy vakolatxonasi tabiiy resurslar bo'yicha mutaxassisi va loyihaning texnik koordinatori Ivetta Zenina. — Zero, Orolbo'yi mintaqasining iqlim o'zgarishi va tabiiy resurslar degradatsiyasining salbiy ta'siriga ko'proq moyilligi barchaga ma'lum. Bugungi kunga qadar biz ayollarning muqobil daromad manbalari bo'yicha salohiyatini oshirish bo'yicha treninglar o'tkazdik va kelajakda suv tejaydigan texnologiyalar, barqaror qishloq xo'jaligi, elektron tijorat va yashil moliyalashtirish bo'yicha bir qator treninglar o'tkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Mashg'ulotlar davomida Qoraqalpoq xalqining boy madaniyati, qadimiy tarixi va chuqur ma'nosini saqlaydigan an'anaviy kashtachilik va milliy kiyimlarining o'ziga xos xususiyatlariga alohida e'tibor qaratildi. Qadimgi Qoraqalpoq kashtasi qizil rangning ustunligi bilan ranglari bir-biridan keskin farq qluvchi iplardan yig'ilgan bezakning kichik elementlarini birlashtirgan.
FAO tomonidan tashkil etilgan ikki kunlik treninglarda ishtirokchilarga milliy kashtachilikning turli usullari o'rgatildi va kelgusida muvaffaqiyatli ishlash uchun boshlang'ich ko'nikmalar berildi. Mashg'ulotlar nazariy va amaliy qismlarni o'z ichiga oldi. Shuning uchun o'quv dasturiga marketing asoslari bo'yicha darslar kiritilgan bo'lib, ishtirokchilarga o'z mahsulotlarini qanday qilib muvaffaqiyatli sotish va ma'lum bir maqsadli auditoriyaga e'tibor qaratib, foyda olish yo'llari tushuntirildi.