Xalqaro yoʻnalishlarida yoʻlovchilarni tashishdagi qatnovlar bosqichma-bosqich qayta tiklanadi

    Transport 12 May 2022 1622

    “Qazaqstan temir jolы” MK” AJ bilan kelishilgan holda temir yoʻllarda yoʻlovchi tashishlari qayta tiklanyapti.

    Joriy yil 15-mayda 647/648-sonli Nukus — Beyneu — Nukus yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdining qatnovni boshlanadi. Shuningdek, 2022-yil 16-maydan boshlab Olma-ota-2 – Toshkent – Olma-ota-2 yoʻnalishida 1/2-sonli (“Tulpar-Talgo”) poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Yuqorida koʻrsatilgan reyslarning davriyligi Toshkentdan haftasiga 3-marta “Toshkent-Markaziy” vokzalidan amalga oshiriladi.

    Chiptalarni elektron tarzda hamda temir yoʻl kassalarida sotib olish mumkin. Yoʻlovchilar elektron chiptalarni sotib olayotganda, Qozogʻiston Respublikasining davlat chegarasidan oʻtish uchun uni A4 formatidagi qogʻozdan chiqarish (chop etish) lozim.

    Boshqa qoʻshni davlatlar bilan temir yoʻl yoʻnalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma bosqich ochilishi kutiladi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali turli tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida, Qozogʻiston Respublikasi va mamlakatimiz davlat chegarasi orqali oʻtish punktlarida belgilangan tartibda oʻrnatilgan cheklov choralari talablariga rioya qilish zarurligi eslatiladi.

    Xususan, Qozogʻiston Respublikasi davlat chegarasi orqali oʻtish punktlari orqali Qozogʻiston Respublikasiga kelgan barcha shaxslar PZR usuli bilan COVID-19ga test sinovidan oʻtganligi haqida maʼlumotnoma taqdim etishlari shart (qozoq, rus yoki ingliz tilida). Mazkur maʼlumotnoma Qozogʻiston Respublikasi davlat chegarasidan oʻtishdan oldin kamida 72 soatdan koʻp boʻlmagan muddatda boʻlishi shart.

    Maʼlumotnoma talab qilinmaydigan shaxslar:

    - 5 yoshgacha boʻlgan bolalar, agar ularni kuzatuvchi (birga boʻlgan) shaxsda ushbu maʼlumotnoma mavjud boʻlsa,

    - Qozogʻiston Respublikasi hukumat delegatsiyalari aʼzolari,

    - Lokomotiv brigadalari, temir yl, dengiz va daryo transporti orqali tashishlarda faoliyat olib borayotgan shaxslar,

    - Qozogʻiston Respublikasida COVID-19ga qarshi revaksinatsiya yoki toʻliq emlash kursini olgan shaxslar (agar ikkinchi komponentni olganidan soʻng Qozogʻiston Respublikasi chegarasini kesib oʻtish vaqtida 6 oydan oshmasa),

    - Qozogʻiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi qaroriga koʻra Qozogʻiston Respublikasi hududida haqiqiy deb topilgan COVID -19ga qarshi emlash uchun pasport/sertifikat/maʼlumotnoma bergan shaxslarga.

    Qozogʻiston Respublikasi hududiga Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqiga aʼzo davlatlar hududidan, shuningdek, Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston va Oʻzbekiston Respublikalaridan kelayotgan shaxslar, shu jumladan, “Puteshestvuyu bez COVID -19” ilovasidan roʻyxatdan oʻtishlari talab etiladi.

    Tana harorati yuqori boʻlgan shaxslar aniqlangan holatlarda, maʼlumotnomaning mavjudligidan qatʼi nazar, yuqumli kasalliklar shifoxonasida izolyatsiya qilinadi.

    Eslatib oʻtamiz, 2020-yilning mart oyida COVID -19 koronavirus pandemiyasi tufayli qariyb butun dunyo mamlakatlarda xalqaro yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezd qatnovlari toʻxtatildi. Ikki yillik cheklovlardan soʻng, qator davlatlar tomonidan yoʻlovchi poyezd yoʻlovchilari uchun chegaralarni bosqichma-bosqich ochish borasida saʼy-harakatlar amalga oshirila boshlandi.